Birgina qurilish-pudrat tashkilotlari reytingini oladigan bo‘lsak, endilikda, ularning salohiyati 6 ta guruhdan iborat mezonlar bilan o‘lchanadi va ichiga 71 ta ko‘rsatkichni qamrab oladi.
Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari reytingini hisoblash va yuritish tartibini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi va ushbu Qaror asosida “Loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari reytingini hisoblash va yuritish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlandi.
Birgina qurilish-pudrat tashkilotlari reytingini oladigan bo‘lsak, endilikda, ularning salohiyati 6 ta guruhdan iborat mezonlar bilan o‘lchanadi va ichiga 71 ta ko‘rsatkichni qamrab oladi. Salohiyatni aniqlashda tashkilotning malakali mutaxassislari, moliyaviy ko‘rsatkichlari, bajargan ishlarining sifati, ish tajribasi, texnik bazasi, raqobatdoshligi kabi mezonlar inobatga olinadi.
QUYIDAGILAR REYTINGLARNING ASOSIY VAZIFALARI ETIB BELGILANGAN:
loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari to‘g‘risidagi yagona elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirgan holda ular reytingini yuritish;
loyiha va qurilish ishlarida markazlashtirilgan mablag‘lardan samarali foydalanish bo‘yicha takomillashgan tizimni joriy etish;
loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari tomonidan shaharsozlik normalari va qoidalariga to‘liq rioya etilishiga erishish;
loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari o‘rtasida halol raqobat muhitini shakllantirish orqali pudrat hamda loyiha ishlari bozorini rivojlantirish;
loyihalash va qurilish sohasida mahoratli ishchi va xizmatchilarni (kadrlarni) tayyorlash, ular malakasini muntazam ravishda oshirib borish orqali loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari salohiyati oshirilishiga erishish;
loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari soha bo‘yicha dunyodagi nufuzli tashkilotlar reytingida yuqori pog‘onalardan joy olishini ta’minlash.
MUHIM ESLATMA: Mazkur reytinglar O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligiga Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat statistika qo‘mitasi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan ish tajribasi, xodimlar, shu jumladan, malakali mutaxassislar soni, asosiy vositalar hajmi, olingan daromadlar, to‘langan soliqlar va ish haqi fondi to‘g‘risidagi ma’lumotlar; shuningdek, Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan qurilishi tugallangan ob’ektlar hajmi, shaharsozlik qonunchiligini buzish holatlarini bartaraf etish to‘g‘risidagi bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalarning mavjudligi va ularning ijrosi to‘g‘risidagi ma’lumotlar asosida shakllanadi.
Ahamiyatlisi, ushbu dastyriy ta’minotlar "Shaffof qurilish" milliy axborot tizimi bilan integratsiyalashtirildi va bu ma’lumotlar barcha uchun ochiq. Qurilish-pudrat tashkilotlarining reytingi bilan reyting.mc.uz sayti orqali tanishishingiz mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi
Qurilish vazirligi matbuot xizmati