Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida O‘zbekiston quruvchilari assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda qurilish-pudrat tashkilotlari va developerlar uchun ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Qayd etilishicha, so‘nggi uch yilda mamlakatimizda 221 mingdan ortiq xonadon foydalanishga topshirildi. 2022 yilda tashkil etilgan 29 ta “Yangi O‘zbekiston” massivlari soni 2024 yilda 52 taga yetkazildi va ularda 28 ming xonadonli 803 ta uy qurildi. Joriy yil ushbu ko‘rsatkich, ya’ni uy-joylar qurilishi 135 ming xonadonga yetkaziladi.
Ochiq muloqot davomida qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov tizimdagi mavjud muammolarning oldini olish, qurilish sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar faoliyatiga ko‘maklashish, shu bilan birga, xalq manfaatlarini qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyat kasb etib borayotganini ta’kidladi.
– Mamlakatimizda 2017 yildan boshlab qurilish sohasi, xususan, uy-joylar barpo etishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi vazir Sherzod Hidoyatov. – Davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi, shaxsiy tashabbusi va amalga kiritgan qaror hamda farmonlari tufayli joylarda bunyodkorlik ishlari ommaviy tus oldi. Mana shu tashabbus, kuch va g‘ayrat, shijoat tufayli bugun joylarda butun boshli shaharchalar paydo bo‘lmoqda. Albatta, bu boradagi sa’y-harakatlar rivojida qurilish tashkilotlarining o‘rni muhim ahamiyatga ega. Bugungi uchrashuvda aholini o‘z muddatida sifatli va shinam uy-joylar bilan ta’minlashning samarali mexanizmlari, bu yo‘nalishdagi huquqiy asoslar, mavjud muammolar va ularning yechimi xususida erkin muloqot qilib olamiz, degan umiddaman. Tan olish kerak, ko‘p hollarda yangi qurilayotgan uylarning topshirilishi kechikib, aholining to‘lagan pullari muzlab qolayotgani, shartnomalar asosan bir tomonga xizmat qilayotgani kabi holatlar ko‘zga tashlanmoqda. Hali bir g‘ishti qo‘yilmasdan turib, uy-joy sotish, odamlar loyihada ko‘rgan xonadoni uchun belgilangan narxning bir qismini oldindan to‘lashi, eng achinarlisi, shartnoma shartlarini tuzukroq o‘qimasdan hamda uy-joy qurilishiga qonuniy asoslar o‘rganilmasdan imzolashi ortidan yuzaga kelayotgan muammolar aksariyatimizga tanish.
Shu kabi holatlar va ayni vaziyat uy-joy qurilishida aholi mablag‘lari hamda huquqlarini himoya qiladigan yangi tartibni joriy etishni taqozo etayotgan edi. Prezidentimizning joriy yil 27 yanvar kuni qabul qilgan “Uy-joy qurilishi sohasini yanada rivojlantirish, turar va noturar joy ob’ektlarini ulush kiritish asosida qurish jarayonini tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni masala yechimida ayni muddao bo‘ldi.
Unda turar va noturar joy ob’ektlarini ulush kiritish asosida qurish jarayonini yanada tartibga solishga qaratilgan aniq mexanizmlar belgilandi. Avvalo, bunda jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari himoya qilinishini ta’minlash ko‘zda tutilgan. Qolaversa, uy-joylarni ulush kiritish va ipoteka krediti asosida sotib olishning ishonchli va samarali imkoniyatlari yaratilmoqda. Avvalo, bunda jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari himoya qilinishini ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Qolaversa, uy-joylarni ulush kiritish va ipoteka krediti asosida sotib olishning ishonchli va samarali imkoniyatlari yaratilmoqda.
Ochiq muloqotda qayd etilishicha, endi qurilishga ulush kiritish faqat notarial tasdiqlangan shartnoma asosida amalga oshiriladi. Joriy yil 1 iyuldan boshlab quruvchilar va mijozlar o‘rtasidagi ulush kiritish shartnomalari majburiy tartibda notariusda tasdiqlanishi va kadastr ro‘yxatidan o‘tkazilishi kerak bo‘ladi.
Shu sanadan e’tiboran yangi mexanizm — “Eskrou” tizimini joriy etish boshlanadi. Bu tizim ulushdor, ya’ni uy-joy sotib olish istagidagi xaridorning huquqlarini to‘liq himoyalab, to‘lov pullari ishonchli saqlanishi va xonadon o‘z vaqtida topshirilishini kafolatlaydi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/iFL0mN2mADo" title="Endi qurilishga ulush kiritish faqat notarial tasdiqlangan shartnoma asosida amalga oshiriladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Shahnoza Mamaturopova, O‘zA