Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Endi qishloq joylarda ham xorijiy tillarni o‘rganish muammo bo‘lmaydi
16:58 / 2022-09-21

Vazirlar Mahkamasining “Qishloq hududlarida xorijiy tillarni o‘qitish faoliyatini tashkil etish uchun nodavlat ta’lim tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, qishloq joylarda xorijiy tillarni o‘qitish uchun tadbirkorlarga mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 50 mln so‘mgacha bir martalik subsidiya ajratish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Subsidiya tadbirkorlik sub’ekti bo‘lgan nodavlat ta’lim tashkilotlariga kamida 6 oy muddat davomida qishloq hududlarida xorijiy tillarni o‘qitish faoliyati bilan shug‘ullanish sharti bilan ajratiladi. 

Buning uchun ma’muriy reglament ishlab chiqildi va u 2022 yil 1 oktyabrdan boshlab amal qila boshlaydi.

Subsidiya ajratish bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkiloti rahbari yoki ishonchnoma berilgan vakili kalendar yilning har choragi birinchi oyining 10-sanasiga qadar O‘zbekistan Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida elektron ro‘yxatdan o‘tgan holda murojaat qilishi mumkin bo‘ladi.

Talabgor tomonidan subsidiya olish uchun so‘rovnoma to‘ldiriladi hamda quyidagi hujjatlar elektron (“pdf”) shaklda ilova qilinadi: 

ta’lim faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha kamida ikki yilga mo‘ljallangan biznes reja; 

mahsulot yetkazib berish yoki ishlarni (xizmatlarni) bajarish to‘g‘risida tuzilgan va amal qilish muddati tugamagan xo‘jalik shartnomalari; 

pedagog kadrlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari yoki fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalar;

 mavjud pedagog kadrlarning xorijiy tilni bilish darajasini tasdiqlovchi milliy sertifikati yoki xalqaro tan olingan sertifikatlari; 

ta’lim jarayonida foydalanilayotgan bino yoki o‘quv xonalarining ijara shartnomasi (ko‘chmas mulk ijarasi asosida faoliyat yuritayotgan nodavlat ta’lim tashkilotlari uchun).

Talabgordan ushbu bandda ko‘rsatilmagan ma’lumot va hujjatlarni talab qilish qat’iyan taqiqlanadi.

Tadbirkor davlat xizmatidan foydalangani uchun to‘lov amalga oshirmaydi.  

So‘rovnoma to‘ldirilib, tegishli hujjatlarning nusxalari ilova qilingandan so‘ng talabgor ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshirib, elektron raqamli imzosi, bunday imzo bo‘lmaganda shaxsiy identifikatsiya raqamidan foydalangan holda tasdiqlaydi.

Talabgor YAIDXP orqali taqdim etilgan hujjatlar va ularda ko‘rsatilgan ma’lumotlarning ishonchliligi va haqqoniyligi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.

Ma’muriy reglament talablari buzilgan hollarda davlat organlari va boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslariga nisbatan belgilangan tartibda ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llaniladi.

                                                                                                    O‘zA