Davlatimiz rahbarining 2025 yil may oyida Sloveniyaga tashrifi davomida mazkur davlat bilan mehnat migratsiyasi sohasida tizimli hamkorlik qilish uchun til, kasbiy ko‘nikma va mehnat standarti bo‘yicha o‘qitish hamda moslashtirish dasturlari ishlab chiqishga doir kelishuvga erishilgan edi. Bu mehnat migratsiyasi masalasida yangi sahifa ochilishiga zamin yaratdi.
Tashrifdan so‘ng amaliy ishlar yo‘lga qo‘yildi. Forumlar, B2B uchrashuvlari o‘tkazildi, “Yo‘l xaritasi” va ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kelishuvlar imzolandi.

Natijada tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan hamyurtlarimiz ilk bor Sloveniyaga vaqtincha mehnat faoliyatini olib borish uchun jo‘nab ketmoqda. Ular qurilish, yo‘l qurilishi, haydovchilik yo‘nalishlarida faoliyat olib boradi.
– O‘tgan yil bo‘lib o‘tgan yarmarkada qatnashib, Sloveniya davlatiga ishga borish uchun Migratsiya agentligi tomonidan tashkil etilgan tanlovdan so‘ng ish beruvchi bilan shartnoma imzoladik, – deydi sirdaryolik Turg‘un Rahimberdiyev. – Hujjatlarni rasmiylashtirish, viza olish bilan bog‘liq barcha jarayon agentlik xodimlari va ish beruvchi tomonidan amalga oshirilganligi bois, hech bir qiyinchikka uchramadik.
Turar joy, ovqatlanish, tibbiy sug‘urta, viza va yo‘l xarajati ish beruvchi hisobidan qoplandi. Boshlang‘ich maosh sifatida ishchilarga 1200-1600 yevro oralig‘ida oylik taklif etilgan.

2025 yil holatiga ko‘ra, Sloveniya rekord darajada past – taxminan 3.2-3.5 foiz ishsizlik va tabiiy ravishda o‘ta yuqori bandlik darajasiga ega. Ayni holat mahalliy mehnat bozorida bo‘shliq keltirib chiqargan. Qurilish, sog‘liqni saqlash, mehmonxona va restoran biznesi, ishlab chiqarish, ta’lim va axborot texnologiyalari yo‘nalishlarida ishchi kuchi yetishmovchiligi yaqqol kuzatiladi.
Bu xorijliklar, jumladan O‘zbekiston fuqarolari uchun ham yaxshi imkoniyat, degani. Demak, hozirning o‘zida kasb va til talabiga javob beradigan 1500 nafardan ko‘p hamyurtimiz Sloveniyada ish topishi mumkin.
G.Sattorova, O‘zA