Munosabat
Dunyodagi rivojlangan, har jabhada yetakchi Germaniya, Buyuk Britaniya, AQSH, Yaponiya, Singapur, Janubiy Koreya singari davlatlarning taraqqiyot yo‘liga e’tibor qaratilsa, ularning iqtisodiy va boshqa turli yo‘nalishlardagi yutuqlari zamirida ta’lim tizimini isloh qilish, inson kapitali va intellektual salohiyatini yuksaltirishga katta e’tibor qaratilganligi yotadi.
Ana shundan kelib chiqib, yurtimizda ham davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonni rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqish uchun keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz intellektual salohiyati va turmush farovonligini yanada yuksaltirishga qaratilgan ana shu islohotlar samarasi yildan-yilga ortib bormoqda. Tub islohotlar markazida ta’lim tizimining mazmuni va sifatini yanada oshirish, zamonaviy bilim, yuksak salohiyatga ega bo‘lgan, dunyo mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar tayyorlash masalasi turganligini alohida ta’kidlash o‘rinli.
So‘nggi yillarda ta’lim mazmuniga qo‘yilgan talablar qayta ko‘rib chiqildi, uning barcha bosqichlari o‘rtasida o‘zaro integratsiyani yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muhim qadamlar tashlandi. Bundan tashqari, uzoq yillardan buyon to‘planib qolgan muammolar, ayniqsa, pedagog kadrlarning qo‘nimsizligi, sohada erkak o‘qituvchilar sonining keskin kamayib ketishi, mutaxassislarning jamiyatdagi nufuzi, qadri birmuncha pasaygani singari masalalar yuzaga chiqib qoldi. Ana shu masalalarni o‘z vaqtida ko‘ra olgan Prezidentimiz tashabbusi bilan har bir bosqichda ta’lim sifatini, pedagog xodimlarning jamiyatdagi obro‘sini oshirish, ularga munosib shart-sharoitlar yaratish, mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha aniq va tizimli ishlar olib borilmoqda. Ana shu islohot va jarayonlarning huquqiy asoslari mustahkamlanmoqda.
Joriy yilning 1 fevralida O‘zbekiston Respublikasining “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilinganligi jamiyatimiz hayotidagi muhim voqealardan biri bo‘ldi. Ushbu qonun hujjati bilan davlatimiz tarixida birinchi marta pedagoglarning maqomi belgilandi. Pedagogning huquqlari, sha’ni, qadr-qimmati va obro‘si davlat himoyasida ekanligi kafolatlandi.
Ushbu qonunning 5- moddasida pedagogning kasbiy faoliyatiga aralashish, uning faoliyatini asossiz ravishda tekshirish, pedagog tomonidan ta’lim oluvchilarning bilimlarini baholashga ta’sir ko‘rsatish, pedagogni hududlarni obodonlashtirish, qishloq xo‘jaligi, shuningdek, aholining soliqlar, kommunal to‘lovlar, kreditlar va boshqa qarzdorligi bo‘yicha to‘lovlarini yig‘ish ishlariga jalb qilish, undan bitiruvchilarning bandligi ta’minlanganligi haqidagi hisobotlar va ma’lumotlarni talab qilish taqiqlandi. Qonun talablarining bajarilmaslik holatlarini yuzaga keltirgan shaxlar belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi belgilandi.
Yana bir muhim jihati, pedagoglarning ijtimoiy himoyasi masalasi ham muhim normalar bilan boyidi. Xususan, qonunning 14- moddasida ta’lim tashkilotlari xodimlari uchun qisqartirilgan ish vaqti belgilanishi ko‘rsatilib, farzandlarini maktabgacha ta’lim tashkilotlariga berishda, tibbiy xizmatlar olishda imtiyoz berilishi belgilab qo‘yildi.
Bundan tashqari, qonunda pedagoglarning huquqlari, majburiyatlari, pedagogik etika qoidalari, pedagoglarni tayyorlash va qayta tayyorlash, ularni attestatsiyadan o‘tkazish, mehnatiga haq to‘lash va rag‘batlantirish kabi muhim masalalar ham qonun normalari bilan tartibga solingan.
Bir so‘z bilan aytganda, ushbu qonunni ta’lim tizimidagi ulkan o‘zgarishlarga asos buladigan tarixiy hujjat deyish mumkin. Eng asosiysi, mazkur hujjat bugun zamonaviy, o‘z ustida ishlaydigan, yuqori kasbiy mahoratga ega pedagoglarning qadr topishi, ularni ma’naviy va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga, umuman, huquq va manfaatlari himoyasining huquqiy kafolati bo‘ladi.
Qonun biz pedagoglarni yanada ruhlantiradi, kasbimizga bo‘lgan hurmat, umid va ishonchimizni oshiradi, qolaversa, zimmamizga yosh avlodga munosib ta’lim va tarbiya berish, yurtimiz ravnaqi uchun xizmat qiladigan bilimli, salohiyatli, raqobatbardosh kadrlar tayyorlashdek mas’uliyatli vazifalarni yuklaydi. Ishonch bilan ayta olamanki, pedagoglar, xususan, institutimiz pedagogik jamoasi ana shu vazifalarni sidqidildan ado etish uchun bor bilim va imkoniyatlarini ishga soladi.
Dilshodbek Rustamov,
Andijon davlat chet tillar instituti rektori, professor.
O‘zA