«Xalq ta’limidagi mutasaddilarga yana achchiq gapirishga majburmiz. Chunki nomimga kelayotgan murojaatlarning aksariyati o‘qituvchi va o‘qituvchi bo‘lolmayotganlardan kelmoqda», deya ma’lum qiladi deputat Jahongir Ziyayev.
Shunday murojaatlarning bir bilan tanishing:
«Assalomu alaykum, shu yosh kadrlarni ishga qabul qilinishi haqida ma’lumot bersangiz. Universitetni shu yil bitirdim, ingliz tilini bilaman (C1 darajali), kompyuterda bemalol ishlay olaman, ammo qayerdan ish so‘rasam, staj so‘rayapti. Endi o‘qishni bitirgan talaba staji yoq deb ishga olinmaydimi? Hozirda Buxoro viloyati Shofirkon tumanda yashayman. Ammo magistraturada o‘qishim sabab, Toshkent shahridan ish izlayapman».
«Bu xabarni o‘qib, yig‘lashni ham, kulishni ham bilmaydi kishi. Endi oliy dargohni bitirgan yoshdan staj so‘ralishi qaysi qonun-qoidaga, mantiqqa to‘g‘ri keladi? Kelmaydi ham, – deya munosabatini davom ettiradi deputat. – Murojaatchi qiz bilan gaplashdik. Buxoro davlat universitetining geografiya fakultetini tugatib, bakalavr bo‘lgan. Hozir Toshkentda magistratura yo‘nalishida o‘qishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Uning aytishicha, Yunusobod va Olmazor tumanlari birjalariga ish so‘rab borgan. Ular yordam berish o‘rniga eshikni ko‘rsatib, «o‘zingiz izlab toping», deyishgan. Besh-oltita maktabga borgan qizni direktorlar «Talabani ishga olmaymiz» yoki «Stajingiz yo‘q ekan», degan vajlar bilan umidsiz qaytarishgan».
Darhaqiqat, shu yilning 4 mart kuni Prezident ishtirokida aynan shu mavzuda videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilib, hozirda talabalar ishlashi mumkin bo‘lgan 105 mingta vakant borligi va shu bois 2 va 3, hatto 1-kurs talabalari ham ishlashi mumkinligi, mutasaddilarga ishlashga ehtiyoji bor talabalarga yordam berib, bandligini ta’minlashi shartligi bo‘yicha vazifalar berilgan edi.
«Nahot, maktab direktorlari ushbu videoselektordan bexabar bo‘lsa yoki Prezident topshirig‘i Xalq ta’limi tizimidagilarga tegishli emasmi? Axir 105 ming vakant o‘rinning aksariyati shu tizimga tegishli ekani barchaga ma’lumku. Ya’ni, ta’lim va xizmat ko‘rsatish sohalarida 22 mingta bo‘sh o‘rin mavjud. Ayniqsa, poytaxt maktablarida. Demak, bunday xatti-harakatdan tanish-bilishchilikning hidi kelyapti, nazarimda. Aks holda, universitetni muvaffaqiyatli tugatib, kamiga ingliz tilida C1 darajali sertifikatga ega bo‘lib, katta umidlar bilan Toshkentga kelgan qiz ish izlab poytaxt ko‘chalarida sarson bo‘lmasdi», deya yozadi Jahongir Ziyayev.
O‘zA