Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Endi Oʻzbekiston boʻylab virtual sayohat qilishingiz mumkin
12:00 / 2020-04-12

Bugun butun dunyo boʻylab tarqagan koronavirus pandemiyasi sabab jahon mamlakatlari iqtisodiy inqiroz ostonasida turibdi.


Bugun butun dunyo boʻylab tarqagan koronavirus pandemiyasi sabab jahon mamlakatlari iqtisodiy inqiroz ostonasida turibdi. Bir qator sohalar esa karantin tufayli butkul oʻz faoliyatini toʻxtatdi. Epidemiya eng qattiq zarba bergan sohalardan biri bu, turizm boʻldi.

Madridlik turizm boʻyicha ekspert Fernando Galyardoning taʼkidlashicha, karantindan soʻng eng birinchi boʻlib biznes turizm oyoqqa turadi. Uning taxminiga koʻra, avvaliga endi mehmonxonalarda resepshnlar boʻlmaydi. Balki mehmonlar onlayn tarzda roʻyxatga olinadi. Har qanday bevosita muloqotlardan voz kechiladi.

Jahon iqtisodiy forumi koronavirus oqibatida butun dunyoda turizm sanoati 1 trillion dollar zarar koʻrishi mumkinligini maʼlum qildi. Ayni paytda esa bu koʻrsatkich 600 million dollarni tashkil etmoqda. Eng achinarlisi esa, virusning tez tarqalishi turizm sohasida faoliyat yuritayotgan 50 million xodimning oʻz ishini yoʻqotishiga olib kelishi mumkin.

Xoʻsh. Ana shunday qaltis bir vaziyatda Oʻzbekistonda turizm sohasi qay ahvolda? Bugun jahon mamlakatlari va xalqaro hamjamiyat kabi bizni ham chetlab oʻtmagan, yurtimiz milliy iqtisodiyotiga oʻz taʼsirini oʻtkazayotgan koronavirus pandemiyasi va karantin sharoitida milliy turizm sohasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimov amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumot berdi.

Aziz Abduhakimovning bildirishicha, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan jahon turizm bozoridagi favqulodda vaziyatning Oʻzbekiston turizm sohasiga salbiy taʼsirini kamaytirishga doir tezkor chora tadbirlar ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan.

Unga koʻra, Oʻzbekistonda koronavirus bilan bogʻliq karantin davri tugaganidan keyin turizm sohasidagi startap loyihalar, jumladan innovatsion biznes gʻoyalar, ayniqsa yoshlar va ularning sayyohlarga qulaylik yaratishga yoʻnaltirilgan dasturlarini subsidiyalashtirish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, “Oʻz diyoringni oʻzing kashf et” loyihasi doirasida mahalliy aholini audio, foto va video material toʻplash jarayoniga jalb etib, shu asosda “Turizm qishlogʻi”, “Turizm mahallasi”, “Turizm ovuli” maqomiga ega aholi punktlari reyestrini kengaytirish koʻzlanyapti.

Shuningdek, “Sayohatingni rejalashtir” aksiyasi oʻtkaziladi hamda turizm sohasi subyektlari bilan hamkorlikda aholi orasida pandemiyadan keyin Oʻzbekiston boʻylab sayohat qilishga oid taklif va onlayn arizalarni qabul qilishni keng targʻib qilish boʻyicha elektron tizimni ragʻbatlantirishga doir chora-tadbirlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

“Turizm uchun yangi biznes gʻoyalar” onlayn tanlovi, ijtimoiy tarmoqlarda xorijiy sayyohlar orasida “Oʻzbekistondan olgan taassurotlarim” va mahalliy sayyohlar orasida “Mening sayohatim” aksiyalarini oʻtkazish koʻzda tutilgan.

Milliy teleradiokompaniya bilan hamkorlikda ekskursiyachi, gidlar va boshqa mutaxassislarni jalb qilgan holda “Oʻlkashunoslik”, “Yosh turist” kabi yoʻnalishda koʻrsatuvlar tayyorlanadi.

Bundan tashqari, pandemiyaning salbiy taʼsirini yumshatishga yoʻnaltirilgan yangi imtiyozlar taqdim etilishi rejalashtirilmoqda.

Shu bilan birga, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va uning huzuridagi Milliy PR markazi Oʻzbekistonda turizm boʻyicha virtual sayohatlarni amalga oshirish imkonini beruvchi online-tourism.uz saytini yoʻlga qoʻyish ustida ishlamoqda.

Bu Oʻzbekiston boʻylab virtual sayohat qilish imkonini taqdim etuvchi birinchi platforma boʻladi.

Ushbu sayt asosan uch yoʻnalishni qamrab oladi. Birinchisi, sayyohlar uchun. U Oʻzbekiston boʻylab virtual turlarni amalga oshirish imkonini beradi.

Bugungi kunda virtual turlarni yoʻlga qoʻyish uchun muzeylar va boshqa turistik obyektlar bilan hamkorlik ishlari boshlab yuborilgan.

Shu bilan birga, kafe va restoranlar hamda boshqa turistik obyektlarning virtual sayohati yoʻlga qoʻyiladi.

Turistik biznes vakillariga bu borada yordam kerak boʻlgan taqdirda, online-tourism.uz orqali zarur maslahat va tavsiyalar beriladi.

Ikkinchisi, turistik soha vakillari uchun. Mehmonxonalar egalari va menejerlari, turoperatorlar, mehmon uylari, gidlar va boshqalar bilan hamkorlik kuchaytirilib, sohani yana-da rivojlantirishga oid ishlar amalga oshiriladi. Platforma yordamida dunyodagi soʻnggi trendlar, yangiliklar boʻyicha vebinarlar, onlayn mushohadalar yoʻlga qoʻyiladi, onlayn qoʻllanmalar taqdim etiladi. Inqiroz va undan keyingi davrda ularning bandligi taʼminlanadi.

Uchinchisi, turizmga oid yangi loyihalarni amalga oshirishni istagan startaperlar uchun. Bu yerda turizmni rivojlantirishga oid yangi loyihalar, startaperlar haqidagi maʼlumotlar jamlanadi, onlayn maslahat berish yoʻlga qoʻyiladi. Aziz Abduhakimovning bildirishicha,

kreativ gʻoyalarga ega kishilarga loyihalarni amalga oshirish uchun grantlar ajratilishi rejalashtirilmoqda.

Turizm sohasining milliy iqtisodiyotning strategik tarmogʻi sifatidagi oʻrnini kuchaytirish, mamlakatning ijobiy imijini turizm va investitsiya salohiyati, tarixi va madaniyatini dunyoga targʻib

qilish orqali oshirish, yurtimizni turizm rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqish – Oʻzbekiston “Milliy tiklanish“ demokratik partiyasining eng asosiy maqsadi hisoblanadi. Shundan kelib chiqqan holda partiya Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan karantin sharoitida milliy turizmni asrab qolish yoʻlida amalga oshirayotgan ishlarini qoʻllab-quvvatlaydi. Bu borada “Milliy tiklanish“ partiyasi 2020-2024-yillarga moʻljallangan Saylovoldi dasturida belgilaganidek, turizm mahsulotlarini targʻib etishda internet tarmogʻidan, noanʼanaviy marketing usullaridan keng foydalanish tarafdori.

Doniyor TOSHBOYEV,
OʻzMTDP Markaziy kengashi boʻlim boshligʻi