Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Endi Namanganda kadastr xizmatlari zamonaviy binoda ko‘rsatiladi
09:16 / 2022-08-26

Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida Respublika Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi tuman bo‘limi hamda Kadastrlar palatasining tuman filiali binosi foydalanishga topshirildi.

Eng ulug‘, eng aziz ayyom – mustaqilligimizning o‘ttiz bir yillik bayramiga munosib tuhfa bo‘lgan mazkur zamonaviy inshootning ochilishi tuman ahli, jamoatchilik vakillari, nuroniylarga shodlik ulashdi.

Viloyatdagi kadastr xizmatini ko‘rsatuvchi muassasalar joylarda hali u, hali bu idoralarga ijarama-ijara yurib faoliyat yuritib kelayotgan edi. Tabiiyki, bu davlat xizmatchilariga qiyinchilik, aholi uchun ovoragarchiliklarni keltirib chiqarardi.

To‘raqo‘rg‘on markazidagi Yangiobod mahallasi hududida qad rostlagan ikki qavatli imorat “Lochin ta’mir qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati bunyodkorlari tomonidan barpo qilindi. Buning uchun 2 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflandi.

15 ta keng va shinam xona, yuqori tezlikdagi internet, yangi mebellar, stol-stullar va 70 ta zamonaviy kompyuter bilan jihozlanib, hujjatlarni saqlash, uchun barcha qulayliklar mavjud. Murojaat etuvchilar uchun qulay.

bugungi kunda yangi tartib asosida hamda yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali xalqimiz va tadbirkorlarga o‘ndan ortiq elektron xizmat ko‘rsatilmoqda. Birgina, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi kadastr xizmatlarini oladigan bo‘lsak, kuniga 75-80 tadan ortiq elektron murojaat qabul qilinmoqda.

– Kadastr sohasida olib borilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida bugungi kunda tumanimizda 17 ming 604 gektar yer maydonlari raqamlashtirildi va elektron xaritada aniq joyi, chizmasi, chegarasi axborot tizimiga kiritildi, elektron hisobga olingan 8 ming 565 ta yerdan foydalanuvchining 17 ming 412 gektar yer maydonlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, – deydi Kadastrlar palatasi To‘raqo‘rg‘on tumani filiali boshlig‘i Komiljon Ergashev. – Tumanimizda jami 43 ming 593 ta aholi turar joyi bo‘lib, ular 42 ming 36 gektar yer maydonini egallagan. Noturar joy ob’ektlari esa 2 ming 99 tani tashkil etadi. “Mahallabay” tizimi asosida ish olib borilgani natijasida qo‘shimcha qurilishlar aniqlanib, ular ham hisobga olinmoqda.

Mana shunday zamonaviy kadastr binosi yaqin kunlarda Chortoq tumanida ham foydalanishga topshirilishi kutilmoqda. Kelgusi yillarda viloyatning barcha hududlarida bosqichma-bosqich kadastr binolari quriladi.

 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA