Vazirlar Mahkamasining “Transport vositalarini boshqarish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan boshlab moped va skuterlarni, shuningdek, eng yuqori konstruktiv tezligi soatiga 25 kilometrdan oshmaydigan mototransport vositalarini boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasida “A1” kichik toifasi joriy etiladi.
2026 yildan “A1” kichik toifadagi haydovchilik guvohnomasini olish uchun talabgorlarga haydovchilarni tayyorlash majburiy o‘quv dasturini o‘tamasdan turib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazariy va amaliy imtihonlarni topshirish huquqi beriladi. Bunda talabgorlar o‘zlarining ixtiyoriga ko‘ra o‘quv kurslarida (onlayn yoki oflayn shaklda) o‘qishi yoxud mustaqil tayyorlanishi mumkin bo‘ladi.
Haydovchilik guvohnomasini olish uchun talabgorlardan haydovchilarni tayyorlash o‘quv dasturi bo‘yicha o‘qishni tugatgani haqida guvohnoma talab etilmaydi.
“A”, “B”, “C”, “D” toifadagi avtomototransport vositalaridan birini boshqarish huquqini beruvchi milliy haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan shaxslar “A1” kichik toifadagi transport vositalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqarish huquqiga ega bo‘ladi.
“A1” kichik toifadagi transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi milliy haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy imtihonda 20 ta savoldan kamida 16 tasiga to‘g‘ri javob bergan haydovchilikka nomzodlar amaliy imtihonga qo‘yiladi (boshqa toifalar uchun — 18 ta).
2026 yil 1 fevraldan “A” va “B” toifadagi transport vositalarini boshqarish huquqini olish uchun talabgorlar haydovchilarni tayyorlash bo‘yicha majburiy o‘quv dasturining nazariy qismini mustaqil o‘zlashtirishi mumkin bo‘ladi.
“A” va “B” toifadagi transport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash o‘quv guruhlarini Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatida ro‘yxatga olish tartibi bekor qilinadi.
2026 yil 1 apreldan maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimlari orqali qayd etilgan tegishli yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun ham jarima ballari hisoblanadi.
Jarima ballarini transport vositasining mulkdori va mazkur transport vositasidan fuqarolik-huquqiy munosabatlar asosida belgilangan tartibda (ishonchnoma, sug‘urta polisi, yo‘l varaqasi) foydalanuvchi boshqa haydovchilarga taqsimlash tartibi joriy etiladi.
O‘zA