Samarqand davlat chet tillar institutida zamonaviy texnika va axborot texnologiyalariga ega bo‘lgan media markaz tashkil etildi.
Ushbu markazning ochilishi munosabati bilan institutda viloyatdagi ommaviy axborot vositalari vakillari, oliy ta’lim muassasalari axborot xizmatlari xodimlari ishtirokida press-tur o‘tkazildi.
– Media markaz institut umumiy faoliyatini yanada takomillashtirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va sun’iy intellektdan samarali foydalangan holda zamonaviy media mahsulotlar tayyorlash maqsadida tashkil etildi, – deydi Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Bahodir Xoliqov. – Bu yerda muassasamizning xalqaro nufuzini oshirishga qaratilgan axborot mahsulotlari tayyorlanadi hamda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali keng tarqatiladi. Axborot xizmati bilan hamkorlikda matbuot relizlari, maqolalar, intervyu va reportajlar, flayr va boshqa shunga o‘xshash mahsulotlar tayyorlash ko‘zda tutilgan. Shuningdek, masofaviy ta’lim yo‘nalishi talabalari uchun video darslar platformasi yaratiladi. Professor-o‘qituvchilarning ochiq darslari suratga olinib, ijtimoiy tarmoqlarda joylashtiriladi. Buning uchun markaz so‘nggi rusumdagi kompyuter texnikalari, foto va videokameralar, ovoz yozish uskunalari, yoritish vositalari hamda axborotni tahrirlash uchun mo‘ljallangan maxsus dasturiy ta’minotlar bilan ta’minlandi. Ovoz yozish uchun zamonaviy akustik xona tashkil qilindi. Markazda rahbar va to‘rt nafar xodim faoliyat ko‘rsatadi. Shu bilan birga xalqaro jurnalistika yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarimiz bu yerda nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlash, kasb ko‘niklarini egallash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Aynan talabalarimiz tomonidan media markaz qoshida “Yangi Renessans” gazetasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi, endilikda institut radiosi tashkil etish ustida ish olib borilmoqda.
[gallery-27091]
Press-tur qatnashchilari media markaz faoliyati va uning imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi. Tajribali jurnalistlar markaz xodimlariga o‘z tavsiya va maslahatlarini berdi.
Tadbir ishtirokchilari institutda tashkil etilgan “situatsion markaz”, kar’era markazi, registrator ofisi, sinxron tarjima laboratoriyasi, “Kelajakka qadam markazi” ish faoliyatini kuzatish imkoniga ega bo‘ldi. Shuningdek, xorijlik talabalar uchun mo‘ljallangan xostel ochilish marosimi o‘tkazildi.
Institut prorektori Umid Jumanazrovning qayd etishicha, ta’lim sifatini nazorat qilish maqsadida bugungi kunda barcha fakultet va auditoriyalarga zamonaviy kuzatuv kameralari o‘rnatilib, o‘quv mashg‘ulotlarini muntazam va real vaqt rejimida nazorat qilish imkoniyati yaratilgan. Bu vazifa o‘quv-uslubiy boshqarma qoshida faoliyati yo‘lga qo‘yilgan markazlashgan situatsion markaz tomonidan amalga oshiriladi. Markazda o‘rnatilgan monitorlar orqali nafaqat bosh o‘quv binosi, balki institutning Samarqand, Narpay va Payariq tumanlaridagi fakultetlari ta’lim jarayonlari bevosita kuzatib boriladi. Tasvir bilan birga ovoz yozishga ham mo‘ljallangan kameralar orqali darslar sifatiga ham baho berish mumkin. Kelgusida markaz faoliyatida sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etib, har bir dars mashg‘ulotini tahlil qilish imkoniyati yaratiladi.
Institutning asosiy o‘quv binolari va talabalar turar joylari mavjud hududda xorijlik talabalar uchun 40 o‘rinli mehmonxona – Hostel tashkil etildi. Bu yerdagi 16 ta xonaning har birida alohida dush, sanuzel mavjud. Shuningdek, umumiy oshxona va kir yuvish xonalari kerakli jihozlar bilan ta’minlangan. Ayni paytda institutda 61 nafar xorijlik talaba tahsil olmoqda va ular uchun asosiy dars mashg‘ulotlaridan tashqari o‘zbek tili o‘rgatish kurslari faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan.
Ta’lim muassasasida “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati Samarqand viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Kelajakka qadam markazi” bitiruv bosqichidagi talabalarga o‘qishni bitirgandan so‘ng bir yil davomida o‘z biznes g‘oyasini shakllantirish, uni tayyor loyiha darajasiga yetkazish, imtiyozli kredit paketlariga yo‘naltirish hamda bank xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha amaliy ko‘mak ko‘rsatmoqda. Ushbu markaz orqali institut bitiruvchilariga bank tomonidan shu paytgacha 1 milliard 600 million so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar rasmiylashtirilib, 35 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Keyingi yillarda Samarqandda o‘tkazilayotgan nufuzli xalqaro forum va anjumanlarga institut professor-o‘qituvchilari va talabalari tarjimon sifatida keng jalb qilinmoqda. Ularning bu boradagi malaka va tajribasini oshirish uchun institutda qo‘shimcha o‘quv-seminarlar, amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda. Shuningdek, ingliz filologiyasi va tarjimashunoslik hamda Sharq tillari fakultetlarida 4 ta sinxron tarjima laboratoriyasi tashkil etildi. Ushbu laboratoriyalar tarjimon butkalari, o‘quv jarayonida sinxron tarjima ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida maxsus ratsiya qurilmalari va ularga mos quloqchinlar, ovoz uzatuvchi qurilmalar bilan jihozlandi.
Talabalarga xizmat ko‘rsatishning raqamlashgan markazi hisoblangan registrator ofisida ayni paytda 23 nafar malakali xodim tomonidan institutning 12 ming nafarga yaqin talabasiga “Yagona darcha” tamoyili asosida 64 turdagi ta’lim xizmatlari ko‘rsatilmoqda.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari