Samarqandda o‘ziga xos, ezgu maqsadni ko‘zlagan sport tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Bu gal stadionda professional sportchilar emas, balki qalblarga nur ulashayotgan, el ma’naviyatini yuksaltirishda mehnat qilayotgan imom-xatiblar to‘p surishdi. Bir-biriga jonday qo‘shni bo‘lgan Jizzax va Samarqand viloyatlari imom-xatiblarining futbol uchrashuvi do‘stlik va hamjihatlik ruhida o‘tdi.


O‘yin nafaqat sog‘lom raqobat, balki yuksak madaniyat, samimiy aloqalar va jismoniy faollikni targ‘ib etgan ma’naviy bayramga aylandi.

Maydonda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Ahmadxon domla Alimov, Jizzax viloyati bosh imom-xatibi Mehmonxon domla Jabborov, har ikki viloyat hokimliklarining mutasaddilari, shahar va tuman imom-xatiblari faol ishtirok etishdi.

Qizg‘in va bahslarga boy bellashuv 2:2 hisobida jangavor durang bilan yakunlandi, natija esa – birdamlik va do‘stlik g‘alabasi sifatida baholandi.

O‘yin so‘nggida ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi, ularning jamiyatda sog‘lom turmush tarzini ommalashtirishdagi faol ishtiroki alohida e’tirof etildi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA