Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Endi har yili "Yosh tadbirkorlar" chempionati o‘tkaziladi
16:20 / 2026-02-20

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Startaplarni qo‘llab-quvvatlashning kompleks ekotizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2026-yildan boshlab har yili yoshlarning eng yaxshi biznes va startap loyihalarini aniqlash va rag‘batlantirish bo‘yicha "Yosh tadbirkorlar" chempionati o‘tkaziladi.

Unga ko‘ra, chempionatda ishtirok etgan 100 tagacha biznes va startap loyihalarning har biriga Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi va "Yoshlar ventures" venchur jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 1 milliard so‘mgacha investitsiya kiritiladi. 

Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasiga ajratilgan mablag‘lar doirasida startap va biznes loyihalarni brendga aylantirish uchun moliyaviy va marketing xizmatlari bo‘yicha ekspertlarning bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravarigacha miqdorda xarajatlari to‘lab beriladi. 

Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi kengashi chempionat g‘oliblarini davlat mukofotlari, "Faol tadbirkor" va "O‘zbekiston belgisi" ko‘krak nishonlariga tavsiya etish uchun vakolatli organlarga takliflar kiritadi. 

2026-yil 1-apreldan boshlab "Raqamli startaplar" dasturida ishtirok etuvchi startap loyihalarga IT-park rezidenti maqomi beriladi hamda ularga qonunchilikda belgilangan eksportning minimal ko‘rsatkichlari talabisiz tegishli imtiyoz va preferensiyalardan foydalanishga ruxsat beriladi. 

2026-yil 1-apreldan boshlab Startap ekotizimining yagona elektron platformasida ro‘yxatdan o‘tgan startap ekotizimi ishtirokchilariga: 

a) mas’ul tashkilotlar tomonidan tegishli sohalarga oid startap loyihalar bo‘yicha quyidagi xarajatlar qoplab beriladi: 

tegishli yo‘nalishlardagi o‘quv kurslarida o‘qish va sertifikat olish hamda nufuzli akseleratsiya va inkubatsiya dasturlarida ishtirok etish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizigacha bo‘lgan, biroq 20 ming AQSH dollari ekvivalentidan oshmagan miqdorda; 

patentlash hamda intellektual faoliyat natijalari va savdo belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish; 

b) Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi hisobidan yoshlar startap loyihalari bo‘yicha quyidagilar ajratiladi: 

startap studiyalar, inkubatsiya va akseleratsiya markazlarini tashkil etish uchun yiliga 20 tagacha loyihaga 1 yil imtiyozli davr bilan 5 yilgacha muddatga 5 milliard so‘mgacha foizsiz qarz (ssuda); 

mahalliy inkubatsiya yoki akseleratsiya dasturlarida ishtirok etish bilan bog‘liq badal to‘lovlari uchun oyma-oy ajratiladigan va umumiy miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan oshmagan grant. 

2026-yil 1-apreldan boshlab hududlarda bevosita Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari rahbarligida Startaplar klubi tashkil etiladi va ularga startap tashabbuskorlari bilan har oy uchrashish, davlat organlari bilan yuzaga kelgan masalalari bo‘yicha amaliy ko‘mak ko‘rsatish hamda ushbu hududdagi yirik tadbirkorlik sub’ektlarini startap loyihalarga biriktirish vazifalari yuklanadi. 

2026-yildan boshlab har yili "Startap ekspo" ko‘rgazmasi o‘tkazilishi yo‘lga quyiladi. 

O‘zA