Xabaringiz bor, davlatimiz rahbarining joriy yil 17 fevralida “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Mazkur farmonda nogironligi bo‘lgan shaxslar, ayniqsa, doimiy ravishda o‘zgalar parvarishga muhtoj bo‘lgan bolalarni parvarishlayotgan oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish, ijtimoiy yordamning zamonaviy mexanizmlarini amalga oshirishda yangi yondashuvlarni joriy etish belgilangan.
Pensiya jamg‘armasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur farmonning 4-bandiga muvofiq joriy yilning oktyabr oyidan boshlab 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar va odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka chalingan 18 yoshgacha bolalarga to‘lanadigan nafaqalarni hamda parvarishlash nafaqasini fuqarolardan hech qanday murojaat talab etilmasdan “proaktiv” shaklda tayinlash tizimi joriy etilmoqda.
Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan fuqaroning murojaatisiz davlat xizmatlarini "proaktiv" shaklda ko‘rsatish amaliyoti O‘zbekistonda ilk marotaba amalga oshirilmoqda.
Ya’ni, fuqaro nafaqa tayinlash uchun birorta davlat organiga murojaat qilmaydi. Bunda, nafaqa tayinlash uchun barcha ma’lumotlar Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan tegishli vazirlik va idoralarning axborot tizimlaridan elektron shaklda olinadi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, ushbu tartib joriy qilinishi bilan bir yilda o‘rtacha 70 mingdan ziyod fuqarolarning nafaqa tayinlash uchun murojaat qilish amaliyoti bekor qilinadi. Ushbu ijtimoiy to‘lovlar axborot tizimlaridan olingan ma’lumotlar asosida avtomat ravishda tayinlanishiga erishiladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA