English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Endi “Elektron raqamli imzoni olgan men emasdim...”,  deyolmaysiz
17:01 / 2022-03-24

Davlat xizmatlari markazlarida murojaatchilarning barmoq izini skaner qiluvchi qurilmalar o‘rnatildi.

Mazkur qurilma asosan, elektron raqamli imzo kalitini rasmiylashtirib berish jarayonida qo‘l keladi. Ya’ni, ushbu masalada murojaat qilgan tadbirkor va fuqaro shaxsiga aniqlik kiritishda shaffoflikni ta’minlaydi. Sodda qilib aytganda, ERI kalitini olish uchun ariza bergan yoki uni olishga kelgan shaxslar haqidagi ma’lumotlarni saqlab qoladi. 

Tajribadan ma’lumki, ko‘p hollarda boshqa shaxs nomidan elektron raqamli imzoni olish uchun ariza berishga yoki tayyor ERIni olib ketish maqsadida Davlat xizmatlari markazlariga murojaat etuvchilar uchrab turadi. Afsuski, ana shunday murojaatlar ortidan turli tushunmovchiliklar yuzaga kelishi ham sir emas. 

Sababi, firibgarlar shaxsga doir ma’lumotlarni qo‘lga kiritib, ular nomidan turli tovlamachiliklarni amalga oshirishadi. Bunda esa elektron raqamli imzo ularga ma’lum darajada xizmat qilishi mumkin. Yoki aksincha. “Imzoimni haligacha berishmadi...”, “Olib ketgan shaxs men emasdim...” singari inkorlar ko‘payadi. O‘rnatilgan yangi qurilmalar bu kabi muammolarni hech qanday inson omilisiz bartaraf qiladi. Aniqrog‘i, tizimda xizmatdan foydalangan shaxsning barmoq izini saqlab qoladi. Shu bois, mazkur xizmatdan foydalanish uchun fuqaroning o‘zi shaxsan markazga kelishi shart. 

— Viloyatda davlat xizmatlarini ko‘rsatishda qo‘shimcha qulayliklarni yaratish maqsadida markazlarga yangi qurilmalar xarid  qilinib, o‘rnatildi, — deydi DXA Samarqand viloyat boshqarmasi moddiy ta’minot bo‘limi mas’ul xodimi A.Mamanazarov. — Hozirda 150 dan ortiq barmoq izini tekshiruvchi qurilmalar foydalanishda. Dastlabki bosqichda ular ERI kalitlarini rasmiylashtirishda qo‘llaniladi. Keyinchalik, bu qurilmalardan barcha xizmatlarda foydalanish rejalashtirilgan.   

Zamon taraqqiylashib borayotgan bir davrda talab va ehtiyojdan kelib chiqib ish ko‘rish ham tadbirkor uchun, ham fuqaro uchun foydalidir. Chunki xizmatlarni taqdim etishda yangi imkoniyat va afzalliklarni joriy qilish ortiqcha ovoragarchilik va sarsongarchilikning oldini olsa, boshqa tomondan ayrim muammo va kamchiliklarni vaqtida bartaraf etish imkonini beradi.

Mansur Hasanov, 

DXA Samarqand viloyat boshqarmasi Axborot xizmati rahbari