English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Endi deputatlar  “Tashabbusli byudjet” jarayonlari doirasida g‘olib bo‘lmagan loyihalar orasidan ikkitasini tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi
11:07 / 2025-09-11

Yangi qaror

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 29 avgustda “Tashabbusli byudjet jarayonlarini takomillashtirish doirasida xalq vakillari va saylovchilar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. 

Unga ko‘ra, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Tashabbusli byudjet” jarayonlarini muvofiqlashtirish, loyihalarning amalga oshirilishi ustidan parlament nazoratini olib borish uchun 11 nafar deputatdan iborat parlament komissiyasi tashkil etiladi.

Bu qaror yurtdoshlarimizni quvontirdi. Darhaqiqat, joylardagi ijtimoiy muammolarni yechishda “Tashabbusli byudjet” loyihasi aholini birdamlikka, jamoatchilik nazorati kuchayishiga, mahalliy deputatlarning faollashuviga hamda davlat tomonidan berilayotgan imkoniyatlardan yanada kengroq foydalanishga zamin yaratmoqda. Ba’zan “Tashabbusli byudjet” o‘zi kerakmi, shu mablag‘ga davlatning o‘zi zarur ishlarni qilib bersa bo‘lmaydimi?” degan fikrlarga ham duch kelgandik.

E’tibor qiling, byudjet ochiqligi ta’minlanishi – mablag‘lar talon-toroj qilinishiga jiddiy to‘siq bo‘lish bilan birga, buning xalq manfaati uchun xizmat qilishi erkinlashadi. Shu bois aholining turmush farovonligini oshirish, ijtimoiy muammolarini hal etish, munosib yashash sharoitlarini yaratish maqsadida byudjetdan ajratiladigan mablag‘larni taqsimlashda fuqarolarimiz ishtiroki keng ta’minlanmoqda. 

Ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar tomonidan ayrim mahalliy hokimiyat vakillarining davlat byudjeti hisobidan qilayotgan xarajatlari, qabul qilayotgan qarorlari keskin e’tirozlarga, keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan edi. Ayrim hududlarda davlat byudjeti mablag‘larini eng muhim ijtimoiy muammolarni hal etish uchun emas, balki mahalliy hokimiyat organlarining ba’zi mansabdor shaxslari qarorlari asosida tanlangan loyihalarga yo‘naltirilayotgan holatlar ham uchrab turardi.  

Bu haqli e’tirozlarga sabab bo‘layotgandi. Ushbu holatlarning oldini olish maqsadida davlat byudjeti sohasini isloh etish jarayonida yangi tizim joriy etildi va  “Ochiq byudjet” portali deb yuritila boshlandi. Natijada bu jarayon openbudget.uz portali orqali amalga oshirilishi va yiliga ikki marta o‘tkazilishi belgilab berildi. Mamlakatimizda 2019 yildan boshlab amaliyotda qo‘llana boshlagan tizim bugungi kunda, shubhasiz, beqiyos samara berib kelmoqda. 

Aholining “Tashabbusli byudjet”ga bo‘lgan qiziqishi keskin ortdi. Albatta, mazkur tizim mamlakatimizda yangi joriy etilayotganida ayrim kamchiliklardan ham xoli bo‘lmadi. Jumladan, ovoz berish jarayonida loyiha taklif etilgan joyda istiqomat qilmaydigan, mahallaga umuman aloqasi yo‘q fuqarolar ovoz berishi holatlari kuzatildi. Bu esa nisbatan aholisi oz bo‘lgan hududlarning tanlovda g‘olib bo‘lish imkoniyatini keskin pasaytirdi. Shu bilan birga, uzoq qishloqlarda internetning yaxshi ishlamasligi hamda aholi o‘rtasida yaxshi targ‘ibot qilinmaganligi ayrim loyihalar yetarli ovoz olishiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. 

Ushbu loyihani amalga oshirish jarayonida ko‘zga ko‘ringan kamchiliklarni bartaraf etish uchun bir necha bor o‘zgartirishlar kiritildi. Jumladan, 2025 yil 13 yanvarda Oliy Majlis Senati Kengashining qaroriga muvofiq, har bir tuman va shahar byudjetida kamida 10 ta, ko‘pi bilan 30 ta loyiha uchun yetarli mablag‘lar rejalashtirilishi belgilandi. Agar loyihalar soni 10 tadan ortiq bo‘lsa, mablag‘lar aholi soniga mutanosib ravishda taqsimlanadi. Bu o‘zgarish mablag‘larning adolatli taqsimlanishini ta’minlash va har bir hududning ehtiyojlariga mos ravishda loyihalarni moliyalashtirish maqsadida kiritilgan. 

Bu yerda yana bir muhim masala bo‘y ko‘rsatdi – “Tashabbusli byudjet” loyihasiga kelib tushgan takliflarning mazmuniga qarab, mamlakatimiz hududlaridagi ijtimoiy sohaga oid qanday muammolar borligi hamda ular qaysi viloyatlarga qanchadan to‘g‘ri kelishi borasidagi haqiqiy holat va ma’lumotlar shakllandi.

Shu ma’noda aytish mumkinki, “Tashabbusli byudjet” – aholi davlat mablag‘ining bir qismini o‘zlari istagan loyihalarga yo‘naltirish imkoniyatiga ega bo‘ladigan tizim. Ya’ni, hukumat mablag‘ ajratadi, uni qayerga sarflashni xalqning o‘zi hal qiladi. Masalan, kimdir: “Bizga yangi bolalar maydonchasi kerak“ desa, yana kimdir “Yo‘limiz ta’mirtalab, uni tuzatish kerak“ deydi, boshqa birov esa “Mahallamizda tungi yoritish tizimi yo‘q“, deb jamoaviy taklif beradi. Hukumat vakillari va mutaxassislar esa uni o‘rganadi, eng ko‘p ovoz to‘plagan takliflar g‘olib bo‘ladi va davlat tomonidan moliyalashtiriladi. G‘olib bo‘lgan loyihalar mahalliy hokimiyat va tegishli tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi. 

Xorij tajribasiga ko‘ra...

   “Partisipator byudjetlashtirish” deb ataluvchi “Tashabbusli byudjet” tizimi 1989 yilda birinchi marta Braziliyaning Porto-Alegri shahrida qo‘llanilgan. Ma’muriyat fuqarolarga shahar byudjetining bir qismini qanday taqsimlash to‘g‘risida qaror qabul qilish imkoniyatini beradi. Uzoq yillik muvaffaqiyatli amaliyotdan so‘ng Porto-Alegri fuqarolari shahar byudjetining 20 foizini taqsimlashga erishadi. Shuningdek, mazkur byudjet amaliyotini G‘arbiy va Sharqiy Yevropadagi 20 dan ortiq mamlakat,  Lotin Amerikasi, AQSH, Xitoy, Hindiston, Janubiy Koreya va boshqa ko‘plab davlatlar muvaffaqiyatli qo‘llamoqda. Masalan, Hindistonning Kerala shtatida partisipator byudjetlashtirish amaliyoti 1996 yilda to‘liq amalga oshirilgan bo‘lib, fuqarolar 24 yildan ko‘proq vaqtdan beri byudjet jarayonida ishtirok etib kelmoqda. E’tiborli jihati, ovozlar sotilmaydi va sotib olinmaydi, kim o‘zarga ham musobaqalashilmaydi. 

Saylovchilar manfaatini inobatga olgan holda

Prezidentimizning 2025 yil 29 avgustdagi “Tashabbusli byudjet jarayonlarini takomillashtirish doirasida xalq vakillari va saylovchilar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, kelgusi yildan boshlab Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari har yili “Tashabbusli byudjet” jarayonlari doirasida tegishli saylov okruglarida g‘olib bo‘lmagan loyihalar orasidan ikkita loyihani (har mavsumda bittadan) saylovchilarning manfaatlarini inobatga olgan holda, “Ochiq byudjet” axborot portalida tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. 

Deputatlar tomonidan tanlangan loyihalar “Ochiq byudjet” axborot portalida avtomatik ravishda g‘olib deb topiladi va ular respublika byudjetidan moliyalashtiriladi. 

 Shuningdek, mahalla fuqarolari endi davlat bilan tengma-teng sheriklikda o‘zi tug‘ilib o‘sgan joylarni obod qilsa bo‘ladi. Ular “Ochiq byudjet”da yutishi shart emas. 2026 yildan boshlab ijtimoiy masalalarga oid loyihalarni aholi va davlat o‘rtasida sheriklik asosida moliyalashtirish tartibi joriy etiladi. Bunda tashabbuskor aholi tomonidan loyihalar qiymatining 50 foiz qismi ixtiyoriy ravishda moliyalashtirilgan taqdirda loyihalar avtomatik ravishda g‘olib deb topiladi va qolgan 50 foizi respublika byudjetidan moliyalashtiriladi. Loyihalar sheriklik asosida moliyalashtirilganda ovoz berishda ishtirok etmagan holda g‘olib deb topiladi, tegishli mahallalarga tanaffus berish amaliyoti qo‘llanmaydi.

Xulosa sifatida shuni ta’kidlash mumkinki, “Tashabbusli byudjet” ijtimoiy muammolarni yechishning yagona yo‘li bo‘lmasa ham, aholini uzoq yillardan beri qiynab kelayotgan masalalarni hal etishda hamjihatlik bilan harakatni, jamoaviy qarorlar qabul qilishni, birgalikda maqsadga erishish texnologiyalarini o‘rgatadi. 

Doniyor YUSUPOV,

 Xalq deputatlari  Qibray tumani kengashining 

Korrupsiyaga qarshi kurashish, 

davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash va 

huquqiy masalalar bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi.

O‘zA