Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Endi davlat granti har yili yuqori bahoga o‘qigan talabalar orasida taqsimlanadi
14:34 / 2024-05-10

Shu yil 6 may kuni Prezident huzurida oliy ta’lim yo‘nalishlarini optimallashtirish, qabul va malaka tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar muhokama qilingan edi. Unda bir qator yangiliklar amaliyotga tatbiq etilishi aytildi. Ushbu yangilik va o‘zgarishlar haqida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gulshana Xudoyorova o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:

— Bugungi kunda bakalavriatda 306 ta yo‘nalish, magistraturada 625 ta mutaxassislik mavjud. Ammo Prezidentimiz ta’kidlab o‘tganlaridek, ularning hammasi ham xalqaro standartlar yoki zamonaviy mehnat bozori talablariga mos tushmaydi. Shuning uchun bu sohada anchagina qilinadigan ishlarimiz bor. Masalan, shu yil 2 fevralda “Ta’lim sohasida loyihalar markazi” loyiha ofisi ochilib, ushbu ofis tomonidan barcha vazirliklar bilan birgalikda katta rejalar tuzildi. Ta’lim va fanni ishlab chiqarishga, mehnat bozoriga integratsiyasi haqida takliflar berilgan edi.   

Bugun ta’lim xizmatlari sifatini xalqaro standartlar darajasiga ko‘taramiz desak, oliy ta’lim sifatini oshiramiz desak, ta’lim grantlariga e’tibor qaratishimiz lozim. Endilikda davlatimiz rahbari tashabbusiga ko‘ra, muayyan bir yo‘nalishga imtihon topshirib, eng yuqori ballni olgan abituriyent grantni belgilaydi va tanlagan oliy ta’lim muassasasidan qat’i nazar, davlat grantiga tavsiya etiladi.  

Yana bir muhim yangilikdan biri — shu paytgacha grant 4 yilga berilar edi. Endi esa davlat granti uchun talabalarimiz har yili yaxshi ma’noda kurashishadi. Ya’ni, davlat granti 4 yilga bitta talabaga emas, balki har yili yuqori baholarga erishgan talabalar orasida qayta taqsimlanadi. 

Bu esa talabalarning o‘z ustida ishlashiga, o‘z bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirib borishiga, tanlagan mutaxassisligini puxta egallashi uchun motivatsiya beradi. Shu bilan birga, ta’limda raqobatbardoshlikni, sifatni oshiradi. Ushbu tizimning yo‘lga qo‘yilishi mehnat bozorida talabalarning ulushini belgilab beradigan sifat belgisi bo‘ladi.  

 

O‘zA muxbiri  

Muhtarama Komilova  

yozib oldi.