Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Endi byudjet tashkilotlarida ishlamaydigan ayollarga ham homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘lanadi
21:30 / 2022-09-21

Vazirlar Mahkamasining “Davlat ijtimoiy sug‘urta tizimini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, byudjet tashkilotlaridan tashqari barcha yuridik shaxslarda oxirgi olti oy davomida uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan ayollarga Davlat byudjeti hisobidan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘lanadi.

Nafaqa xodimning farzandi tug‘ulguniga qadar minimal iste’mol xarajatlarining  4 baravari miqdorida to‘lanadi.

Minimal iste’mol xarajatlari (MIX) miqdori o‘zgarganda, MIX miqdori e’lon qilingan oydan keyingi oyning birinchi sanasidan boshlab nafaqa miqdori e’lon qilingan MIXning yangi miqdoridan kelib chiqib belgilanadi.

Tabiiy-iqlim sharoitlari noqulay bo‘lgan joylarda ishlovchi xodimlarga nafaqa tayinlashda tuman koeffitsiyenti qo‘llanilmaydi. 

Nafaqa “Yagona reyestr” axborot tizimi tomonidan fuqarolarning murojaatlarisiz “proaktiv shakl”da Moliya vazirligi tarkibida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan to‘lanadi.

Mehnatga layoqatsizlik varaqasi nafaqani tayinlash va to‘lash uchun asos bo‘ladi. 

Mehnatga layoqatsizlik varaqasi rasmiylashtirilgan kundan boshlab 5 ish kuni ichida undagi ma’lumotlar hududiy ambulator-poliklinikaning yoki tug‘ruqxona muassasasining mas’ul xodimi tomonidan Sog‘likni saqlash vazirligining “Tibbiyot” axborot tizimiga kiritiladi.

Bunda mehnatga layoqatsizlik varaqasining seriyasi, raqami, sanasi hamda nafaqa oluvchining familiyasi, ismi, otasining ismi, shaxsni tasdiqlovchi hujjatning seriyasi, raqami, shaxsiy identifikatsiya va telefon raqami, shuningdek, mehnatga layoqatsizlik davri kiritiladi. 

“Tibbiyot” axborot tizimi tomonidan olingan ma’lumotlar tekshiriladi va avtomatik ravishda “Yagona reyestr” axborot tizimiga yuboriladi. 

“Yagona reyestr” axborot tizimi orqali nafaqa oluvchining oxirgi olti oy davomida usluksiz ish stajiga ega ekanligi, mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlari mavjudligi, byudjet tashkilotlarida ishlashi yoki ishlamasligi avtomatik ravishda tekshiriladi. 

Agar oxirgi 6 oy davomidagi uzluksiz ish staji davrida xodimning mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlari mavjud bo‘lmasa, ushbu davr ish stajini hisoblashda inobatga olinmaydi.

Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha homiladorlik va tug‘ish nafaqasini tayinlash hamda to‘lash tartibi to‘g‘risida qabul qilingan Nizom byudjet tashkilotlarida, shu jumladan, o‘rindoshlik asosida ishlaydigan ayollarga tatbiq etilmaydi.

                                                                                              O‘zA