Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Endi bozorlarda go‘sht narxi arzonlashadi(mi?)
22:25 / 2021-10-19

Mamlakatimizda aholining go‘sht mahsulotlari va asosiy is’temol mahsuloti bo‘lmish kartoshkaga bo‘lgan talabini qondirish va narxlar barqarorligini ta’minlash bugungi kunning kechiktirib bo‘lmas vazifasi sanaladi.

Keyingi paytda aholini oziq-ovqat mahsulotlari, ayniqsa, go‘sht va go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlash, narxlar barqarorligini saqlash bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Zero, oziq-ovqat mahsulotlarining arzon va yetarligigi xalq roziligining asosiy omilidir.

Raqamlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, bugungi kunda respublikamizda barcha toifadagi xo‘jaliklarda mavjud qoramollarning bosh soni 13,2 million boshni (shundan sigirlar 4,7 mln bosh), qo‘y va echkilar 22,5 million boshni tashkil etadi. Aholi talabini chorvachilik mahsulotlari bilan ta’minlash uchun tibbiy me’yorlar bo‘yicha 1,5 million tonna (suyilgan vaznda, 1 kishiga 42,8 kg) go‘sht talab etilib, joriy yilda 1,4 million tonna (2020 yilga nisbatan 104 foiz) yoki talabga nisbatan 93 foiz go‘sht ishlab chiqarish prognozi belgilangan.

Respublikada aholining real talabi hamda demografik holatning o‘ziga xosligini inobatga olgan holda, yiliga qo‘shimcha 100-150 ming tonna go‘sht mahsulotlari talab etiladi. Shu jihatdan joriy yil 1 sentyabr holatiga ko‘ra, 50,4 ming tonna go‘sht mahsulotlari (o‘tgan yilga nisbatan 64 foizga ko‘p) import qilingan. Ayniqsa, qoramol go‘shtining importi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 70 foizga oshgan.

Tahlillarga ko‘ra, bugungi kunda import qilinayotgan qoramol go‘shtining 1 kg o‘rtacha import narxi 37,5 ming so‘mni, bojxona to‘lovlaridan (1 kg qoramol go‘shtiga QQS 5 700 so‘m) so‘ng 43,2 ming so‘mni tashkil etmoqda. Bu holat, o‘tgan bir oyda 1 kg qoramol go‘shtining o‘rtacha qiymati 5-7 ming so‘mga oshganligini ko‘rsatmokda.

Shu munosabat bilan aholini go‘sht bilan barqaror narxlarda ta’minlash maqsadida “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida mazkur qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasi 3 ta moddadan iborat bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qator asosiy qo‘shimcha kiritishni o‘z ichiga olgan. Xususan, loyihada go‘sht (mol, qo‘y, tovuq), tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni so‘yish mahsulotlarini, kartoshka hamda muzlatilgan baliqni olib kirishda va realizatsiya qilishda QQS bo‘yicha imtiyozlar berilishi nazarda tutilmoqda. 

Shuningdek, go‘sht (mol, qo‘y, tovuq), tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni so‘yish mahsulotlarini, kartoshka, muzlatilgan baliqni O‘zbekiston hududiga olib kirish, realizatsiya qilish bo‘yicha aylanmalari qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinishi belgilanmoqda.

– Keyingi paytda bozorlarda go‘sht narxining qimmatlashib ketgani yurtdoshlarimizning ushbu hayotiy zarur oziq-ovqat mahsulotini sotib olish imkoniyatini pasaytirmoqda, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Jahongir Abdurasulov. 

– Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi esa aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlash, narxlarning barqarorligini saqlashga xizmat qiladi. Aslida maqsad ham oziq-ovqat mahsulotlari, shu jumladan, go‘shtning narxini aholiga maqbul darajaga olib kelishdir.

Jahon bozorida bugungi pandemiya sharoitida oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talab kundan-kunga ortib bormoqda. Ayniqsa, qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan birlamchi talabini qondirish va ichki bozorda narx-navo barqarorligini ta’minlash har qachongidan ham muhimdir.

Majlisda deputatlar go‘sht, kartoshka va boshqa mahsulotlar bilan uzluksiz ta’minlash va narxlar barqarorligini saqlash aholining osuda, to‘kin turmush kechirishiga xizmat qilishini aytib, qizg‘in muhokamalar, savol-javoblardan so‘ng qonun loyihasini qabul qildi.

M.Komilova, O‘zA