Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Endi Bosh prokuratura ekologik nazoratda sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlaridan foydalanadi
17:10 / 2025-05-23

Bosh prokuratura va "O‘zbekkosmos" agentligi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu memorandum ekologik xavfsizlikni ta’minlash, huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, nazorat tadbirlari, tergovga qadar tekshiruv va surishtiruv jarayonlariga aerokosmik texnologiyalarni joriy etish, Davlat kosmik monitoringi tizimi orqali shaffof va yuqori aniqlikdagi ma’lumotlardan foydalanish bo‘yicha hamkorlikka qaratilgan.

Agentlik matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, endilikda tomonlar tizimli ravishda axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yib, ekologik xavflar va muammolar darajasini aniqlash, huquqbuzarliklarni fosh etish hamda ularning oldini olishda bir qator yo‘nalishlarda birgalikda ishlashlari belgilandi. Jumladan:

– yashil hududlarning qisqarishi va daraxtlarning kesilishi holatlari monitoring qilish;

– o‘rmon fondi yerlarida yer uchastkalarining o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi, noqonuniy bino va inshootlar qurilish holatlarini aniqlash;

– noqonuniy qazish ishlari, shu jumladan daryo o‘zanlari va suvni muhofaza qilish zonalarida noruda materiallari qazib olinishini monitoring qilish;

– daryo o‘zanlarini to‘planib qolgan noruda materiallardan tozalash va qirg‘oqlarni mustahkamlash ishlari amalga oshirilayotgan uchastkalarda loyihadan chetga chiqish, noqonuniy qazib olish holatlarini monitoring qilish;

– noruda foydali qazilma konlarida haqiqatda qazib olingan hajmni aniqlash maqsadida aerokosmik marksheyderlik ishlarini amalga oshirish;

– mavjud chiqindilarni saqlash joylarida belgilangan hududdan tashqariga chiqish holatlari, noqonuniy chiqindi poligonlarini monitoring qilish;

– boshoqli don ekinlaridan bo‘shagan (o‘rimdan so‘ng) yer maydonlarida somonpoyalari va ularning qoldiqlarini yoqish (dalalar yoqilishi) holatlarini monitoring qilish.

Mazkur manfaatli hamkorlik natijasida ekologik madaniyat, tabiatga javobgarlik hissi va resurslarga tejamkor munosabatni yanada kuchaytirish hamda nazorat samaradorligini oshirishga erishish mumkin bo‘ladi.

Nigora Rahmonova, O‘zA muxbiri