Tramp ma’muriyati immigratsiya siyosatida navbatdagi keskin qadamni tashladi. Davlat departamenti ma’lumotiga ko‘ra, 21 yanvardan boshlab 75 davlat fuqarolari uchun immigrant viza rasmiylashtirish vaqtincha to‘xtatiladi.
Cheklov Lotin Amerikasidagi Braziliya, Kolumbiya, Urugvay, Bolqon davlatlari — Bosniya, Albaniya, Janubiy Osiyoga qarashli Pokiston va Bangladesh, shuningdek Afrika, Yaqin Sharq va Karib havzasidagi qator mamlakatlarga taalluqli.
“Reuters” guvoh bo‘lgan Davlat departamenti xabarnomasida aytilishicha, mazkur qaror viza bo‘yicha “to‘liq qayta ko‘rib chiqish” jarayoni doirasida qabul qilingan. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad — AQSHga kiruvchilarni o‘ta sinchiklab tekshirish va saralash.
Ma’muriyat fikricha, ushbu davlatlardan kelayotgan ayrim fuqarolarning AQSHda ijtimoiy nafaqaga bog‘lanib qolish xavfi yuqori. Rasmiy hujjatda ular “davlat byudjetiga yuk bo‘lishi mumkin” degan jumla keltirilgan.

Ushbu taqiq sayyohlik va qisqa muddatli tashrif vizalariga taalluqli emas. Ayni holat 2026 yilgi Jahon chempionati va 2028 yilgi Olimpiya o‘yinlariga mezbonlik nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega.
Tramp hokimiyatga qaytgandan beri uning ma’muriyati immigratsiya siyosatini kuchli nazorat qilishni ustuvor vazifa sifatida belgilab olgan. Noqonuniy migratsiya bilan bir qatorda qonuniy immigratsiya ham murakkablashtirilmoqda. Jumladan, yuqori malakali mutaxassislarga beriladigan viza uchun qo‘shimcha to‘lov joriy etilgan.
Siyosatshunos Devid Bir ta’kidlashicha, mazkur qaror “Amerika tarixidagi qonuniy immigratsiyaga qarshi eng keskin qarorlardan biri” sifatida baholanmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA