Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Emlanganlik to‘g‘risida soxta sertifikat ozodlikdan mahrum qilishga sabab bo‘lishi mumkin
19:59 / 2021-08-22

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Nurmat Otabekovning ma’lum qilishicha, agar fuqarolar o‘rtasida emlanganlik to‘g‘risida soxta sertifikat olish (emlanmasdan turib), bir turdagi vaksinani olib, boshqa turdagi vaksina olganligi haqida xujjatlarni rasmiylashtirishga urinishlar uchun qonunda qat’iy javobgarlik turlari belgilab qo‘yilgan.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 228-moddasiga muvofiq hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish;

Soxtalashtiruvchining o‘zi yoki boshqa shaxs foydalanishi maqsadida muayyan huquq beradigan yoki muayyan majburiyatdan ozod etadigan rasmiy hujjatlar tayyorlashi yoki rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirishi yoxud bunday hujjatlarni sotishi, shunday maqsadlarda korxona, muassasa yoki tashkilotning qalbaki shtamplari, muhrlari, blankalarini tayyorlash yoxud sotish — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

O‘sha harakatlar takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa — ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Hujjatning qalbaki ekanligini bila turib, undan foydalanish — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoki ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA