Joriy yilning 8-20 may kunlari Turkiyaning Istanbul shahrida boks bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi navbatdagi Jahon chempionati bo‘lib o‘tadi.
Mazkur chempionatni yuqori darajada tashkil etish borasida Xalqaro boks assotsiatsiyasi hamda Turkiya boks federatsiyasi tomonidan tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Chempionatning elchisi sifatida 2016 yilgi Rio-de-Janeyro olimpiadasi g‘olibasi hamda Jahon chempionati oltin medal sohibasi Fransiyalik Estel Mossli tanlangan.
Dunyoning eng kuchli jamoalari qatori mamlakatimiz bokschi qizlari ham mazkur dunyo birinchiligida munosib ishtirok etish uchun tayyorgarlik ko‘rishdi. Belgilangan o‘quv-mashg‘ulotlarda qatnashishdi.
Mashg‘ulotlar jarayoni, terma jamoa tarkibi hamda chempionatda iste’dodli bokschilarimizga aynan kimlar asosiy raqobatchi bo‘lishi xususida O‘zbekiston ayollar terma jamoasi bosh murabbiyi Elshod Rasulov bilan suhbatlashdik.
- Elshod, avvalo Turkiyada o‘tadigan Jahon chempionatida qatnashishi belgilangan jamoa tarkibi xususida ma’lumot bersangiz.
- Jahon chempionatida qatnashadigan tarkibni shakllantirish oson bo‘lmadi. Boisi, ushbu chempionat bir yil muqaddam o‘tkazilishi kerak edi. O‘sha paytdagi tarkib qisman yangilandi. Buning uchun saralashni bir yil mobaynida o‘tkazilgan O‘zbekiston va qit’a chempionatlari, rejadagi o‘quv-mashg‘ulotlar tizimida olib bordik. Chempionat oldi mashg‘ulotlarga kengaytirilgan tarkibni jalb qildik. Nihoyat yaqinda Yangiobodda so‘nggi tayyorgarlik mashg‘ulotlari yakunlariga ko‘ra, terma jamoa murabbiylar kengashi qarori bilan asosiy tarkibni e’lon qildik. Unga binoan chempionat dasturida belgilangan 12 ta vaznning 10 tasida qizlarimiz medallar uchun kurash olib borishadi. 48 kiloda Marjona Savriyeva, 50 kg.da Aziza Yoqubova, 52 kg.da Tursunoy Rahimova, 54 kg.da Nozima Bulturova, 57 kg.da Sitora Turdibekova, 60 kg.da Mohinabonu Abdullayeva, 66 kg.da Navbahor Hamidova, 70 kg.da Xadichabonu Abdullayeva, 75 kg.da Mavluda Mavlonova, va +81da Mohira Abdullayeva Istanbul ringlarida medallar uchun jang qilishadi.
- Jahon chempionatida ikkita vaznda bokschilarimizning bormayotganligiga nima sabab bo‘ldi?
- 63 va 81 kilogrammda sportchilarimizning qatnashmayotganligiga sabab - o‘tkazilgan mashg‘ulotlar jarayonida bokschilarimiz jarohat olganliklari.
- Jahon chempionatiga boradigan terma jamoani shakllantirish uchun o‘quv-mashg‘ulotlar rejasi qanday bajarildi?
-Tayyorgarlik 3 bosqichda tashkil qilindi, dastlabkisi Qozog‘istonda, qolgan 2 tasi yurtimizda. Har bir vazndagi nomzod bokschilarni chuqurlashtirilgan tarzda ko‘rikdan o‘tkazdik. Bilasiz, boks og‘ir sport turi. Ayrim vaznlarda kuchli sportchini tanlash oson bo‘lmadi. Ba’zi og‘irlikda saralanganlar jarohat oldi. Shu sababli, ayrim vaznlarda bokschi qizlarni almashtirishga to‘g‘ri keldi. Qolaversa, Jahon chempionatining bir yilga qoldirilgani biz uchun qaysidir ma’noda ijobiy holatga xizmat qildi. Vaziyatdan foydalanib, yanda mahoratimizni oshirishga sharoit bo‘ldi. To‘g‘risini aytishim kerak, bu men uchun bosh murabbiy vazifasidagi birinchi Jahon chepionatim. Shungami, hayajonim, mas’uliyatim ikki karra yuqori.
- Jahon chempionatida kuchsiz sportchi bo‘lmaydi. Ayting-chi, vakillarimizga asosan qaysi davlat sportchilari raqobatchi bo‘ladi?
- Istanbuldagi musobaqalar nufuzi jihatdan olimpiya o‘yinlaridan qolishmaydi. Haqiqatan, bunda kuchsiz sportchi bo‘lmaydi. Janglarda o‘nlab olimpiya o‘yinlarining sovrindorlari, Jahon chempionlari ishtirok etishini nazarda tutsak, har bir bahs finalga teng tarzda o‘tishi shubhasiz. Shogirdlarimga kimlar asosiy raqobatchi bo‘lishi borasida aytishim mumkinki, barcha-barchasi jiddiy raqib. Biron-bir jangga oddiy uchrashuv, sparring, deya qaralmaydi. Qur’a natijalari asosida bokschilarimizga texnik-taktik harakatlar mundarijasini tuzib chiqamiz.
- E’tiborimizni ayollar terma jamoasidagi murabbiylar tarkibi o‘zgarishi tortdi. Qaysi murabbiylar Jahon chempionati mobaynida sizga yordamchilik qilishadi?
- Istanbul bahslarida bokschi qizlarimizni ringga boshlab chiqishda Ziyavuddin Toyg‘anboyev, To‘lqin Turg‘unov, Islom Tojiboyev, Sharif Narziqulov va Sohiba Yoqubova ish olib borishadi. Aynan shu murabbiylar bir yil mobaynida tarkibni shakllantirishda ishtirok etishdi.
- Terma jamoa tarkibi ancha yangilanganligi borasida fikringiz?..
- Jahon boksi singari O‘zbekiston boksi ham hamisha yangilanishda. Yangi-yangi iste’dodlar ringga ko‘tarilmoqda. Masalan, 2019 yili Rossiyaning Ulan-Ude shahrida o‘tgan Jahon chempionatida 9 nafar vakilimiz qatnashgan bo‘lsa, ularning birontasi kutilgan natijani qayd eta olmadi. Bugungacha o‘zbek xotin-qizlari orasida o‘tgan yili yoshlar o‘rtasida Jahon chempioni bo‘lgan Nigina O‘ktamova eng yaxshi ko‘rsatkichga ega bo‘lib turibdi. O‘zbekiston ayollar terma jamoasining tarkibi Istanbulda o‘tadigan Jahon chempionati oldidan deyarli yangilandi. Bokschi qizlarimizdan jamoa sardori Tursunoy Rahimova, Navbahor Hamidova va Mavluda Mavlonovadan boshqa deyarli barchasi xalqaro boks musobaqalarida qatnashishni bir, bir yarim yil oralig‘ida boshlagan sportchilar. Ulardan umidimiz katta. Ular qit’a chempionatida o‘zlarini namoyish qilishdi. O‘ylaymanki, Turkiyada ushbu an’anani davom ettirishadi. Asosiysi, davlatimiz tomonidan barcha shart-sharoitlar yaratib berildi. Endi e’tiborga munosib bo‘lish sportchilar va biz murabbiylar zimmasidagi vazifa, deb bilaman.
- Nigina O‘ktamovani esladingiz. Ayting-chi, ushbu chempionatda qatnashadigan tarkibdan Nigina O‘ktamova, Feruza Kazakova, Farzona Fozilova, Sabina Boboqulova singari iqtidorli yoshlarimiz nima sababdan joy olmadi?
- Yaxshi savolni berdingiz. Boya ta’kidlaganimdek, ushbu Jahon chempionati epidemiologik vaziyat sababli bir yil kechiktirib o‘tkazilmoqda. Ammo uning nizomi o‘zgarishsiz qoldi. Ya’ni, chempionat nizomiga ko‘ra, unda 1981 yil dekabrdan 2002 yil dekabr oyigacha bo‘lgan muddatda tug‘ilgan sportchi-qizlar qatnashishi qat’iy belgilangan. Shu sababli 2003 yilda tavallud topgan kelajagi porloq bokschi qizlarimiz Istanbul janglarida qatnasha olmaydi, lekin ular terma jamoa murabbiylar kengashi nazoratida. Kelgusida albatta tayyorgarlik darajasidan kelib chiqib, xalqaro musobaqalarga jalb etiladi. Muhimi, yoshlarimiz texnik-taktik va ruhiy muvozanatini yo‘qotib qo‘ymasa bo‘lgani.
- Ushbu tarkib joriy yil Xitoyda o‘tadigan Osiyo o‘yinlari hamda 2024 yili Parijda bo‘ladigan yozgi Olimpiya o‘yinlarida ham qatnashadimi?
- Rejamiz shunday, lekin buni ishlab chiqqan dasturimiz va bu borada amalga oshirayotgan mehnatlarimiz ko‘rsatadi. Istanbul musobaqalari shu yo‘ldagi ilk qadamimiz sifatida sinovdan o‘tkaziladi.
- Jahon chempionatida qatnashadigan tarkib qachon Turkiyaga yo‘l oladi?
- Nasib etsa, 6 may kuni jo‘nab ketamiz.
- Nufuzli musobaqada sportchilarimizga omad yor bo‘lsin.
- Rahmat.
To‘lqin Ro‘ziyev suhbatlashdi, O‘zA