Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ellikqal’aliklar muammosi parlament nazoratida
20:08 / 2026-03-05

“Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Nodira Rashidova Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumanidagi yangi qurilgan uylarda aniqlangan jiddiy ekologik va ijtimoiy muammo yuzasidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisiga deputatlik so‘rovi yubordi.

Ma’lum bo‘lishicha, fraksiya a’zosiga Ellikqal’a tumani, Iqbol mahallasida yashovchi fuqarolardan jamoaviy murojaat kelib tushgan. Unga ko‘ra, 169 ta oila “Arh-Group Development” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan ipoteka kreditlari asosida qurilgan uylarni xarid qilgan. Ammo, ob’ektlar foydalanishga topshirilgach, uylarning konstruktiv elementlarini yemiruvchi va xavfsirashga to‘sqinlik qiluvchi termitlar aniqlangan. Eng e’tiborli jihati shundaki, yer uchastkalari auksion orqali sotilayotgan vaqtning o‘zidayoq termitlar bilan zararlangan bo‘lgani aytilmoqda.

Keltirilgan tahlillarga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida termitlar tarqalishi yil sayin ortib bormoqda. Deputat so‘rovidagi ma’lumotlar vaziyatning naqadar jiddiyligini ko‘rsatadi. Termitlar tarqalgan hudud maydoni yiliga o‘rtacha 30 kvadrat kilometrga kengaymoqda. Bugungi kungacha 6 ming 67 ta xonadon, 6 ta ijtimoiy-iqtisodiy ob’ekt va 14 ta tarixiy ziyoratgoh zararlangan. Uning oqibatida 125 ta uy avariya holatida deb topilgan.  

Shu bois, Nodira Rashidova deputatlik so‘rovida soha mutasaddilaridan quyidagi masalalarga oydinlik kiritishni va asoslantirilgan tushuntirish berishni so‘radi.

Uy-joy qurilishidan oldin yer uchastkalari va materiallarni majburiy entomologik ekspertizadan o‘tkazish talabi qonunchilikda bormi va uning ijrosini kimning nazoratida. Termit bilan zararlangan yerda qurilish qilgan pudratchilarga nisbatan qanday choralar ko‘riladi hamda aholiga yetkazilgan zararni qoplash tartibi qanday. Xavfli hududlarda tizimli monitoring va reyestr yuritiladimi. Sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan termitlarga qarshi qanday profilaktik tadbirlar rejalashtirilgan. Termitlarga qarshi kurashishda vazirlik va idoralararo hamkorlik qay darajada.

Deputat o‘z so‘rovida mazkur muammo nafaqat fuqarolarning mulkiy huquqlari, balki ularning hayoti va salomatligi bilan bog‘liq ekanini alohida qayd etgan va ushbu masala yechim topgunga qadar o‘z nazoratida bo‘lishini bildirgan.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.