Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ellikqal’ada “Adliya sayli” o‘tkazildi
20:25 / 2025-07-11

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi tashabbusi bilan Ellikqal’a tumanida “Adliya sayli” o‘tkazildi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vaziri E.Tursunov fuqarolarga amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, Orolbo‘yida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga yaratib berilayotgan qulay investitsiya va ishbilarmonlik muhiti, biznes yuritish uchun mavjud sharoitlar, qonunchilikdagi boshqa imtiyozlar haqida ma’lumot berdi.

Tadbir “Salomatlik uchun besh ming qadam” aksiyasi bilan boshlandi. Harbiy orkestrlar bilan hamkorlikda “Yoshlar sayli”, Milliy gvardiya xodimlari tomonidan harbiy-vatanparvarlik ruhidagi ko‘rgazmali chiqishlar, tumandagi sport maktabi o‘quvchilari ishtirokida sportning karate, kurash va kamondan o‘q otish turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazildi. 

Saylda yoshlarga yoshi ulug‘larni e’zozlash, qadriyatlarimizni mustahkamlash, milliy qadriyatlarimizni o‘rgatish va pand-nasihatlar berish maqsadida “Uch avlod uchrashuvi” o‘tkazilib, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi harbiy orkestri ijrosidagi konsert dasturi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Bundan tashqari, aholi, shu jumladan, yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida mehnat yarmarkasi, tadbirkorlar qo‘l mehnati mahsulotlari ko‘rgazmasi, tibbiy ko‘rik tashkil etildi. 

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan o‘quvchi-yoshlarning yozgi ta’til davrini mazmunli tashkil etish, ularni madaniy, ma’rifiy va sport tadbirlariga faol jalb qilish maqsadida amalga oshirilayotgan “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida yoshlarda huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish his-tuyg‘ularini va huquqiy bilimlarini kuchaytirish, intellektual tafakkurini rivojlantirish maqsadida “Zakovat” intellektual o‘yini va “Ranglar jilosi” rasmlar tanlovi o‘tkazildi.

Saylda fuqarolar murojaatlari ham e’tibordan chetda qolmadi. Ellikqal’a tumani adliya bo‘limi FHDYO bo‘limi tomonidan yosh kelin-kuyovlar nikohdan o‘tkazilib, ularga guvohnomalar topshirildi. Shuningdek, ko‘p yillardan buyon nikohdan o‘tmasdan guvohnoma ololmay yurgan er-xotin murojaati ijobiy hal etildi. Tuman hokimligi va boshqa muassasalar bilan hamkorlikda nogironligi bo‘lgan ikki nafar fuqaroga aravacha topshirildi. 

Tuman adliya bo‘limi Davlat xizmatlari markazi tomonidan aholiga 20 dan ortiq sayyor davlat xizmati ko‘rsatildi. Tadbirni tashkil etish va o‘tkazishda amaliy yordam bergan muassasa va tashkilotlar vakillariga Adliya vazirligi tomonidan tashakkurnoma, faol ishtirok etgan yoshlarga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va boshqa kitoblar jamlanmasi sovg‘a qilindi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri