Mamlakatimizda uzumchilik va vinochilik sohasini kelgusida yanada barqaror rivojlantirish, yangi istiqbolli sanoatbop uzum navlarini ko‘paytirish va yetishtirishni yo‘lga qo‘yish, qayta ishlash korxonalarini xomashyo bazasi bilan ta’minlashni mustahkamlash va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, uzum va vinochilik mahsulotlari eksporti hajmlarini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada Prezidentimizning 2023 yil 3 avgustdagi “2023 — 2026 yillarda uzumchilik va vinochilik sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu qarorning 3-bandi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l hamda Ellikqal’a tumanlari hokimliklariga 2023-2024 yillarda “Oltiariq tajribasi” asosida har biri 2 — 2,5 ming gektar yer maydonlarida uzum plantatsiyalari tashkil etish vazifasi belgilab berildi. Belgilangan vazifalar ijrosi doirasida Ellikqal’a tumanida uzumchilikka ixtisoslashtirilgan jami 276 gektar maydon tashkil etildi. Shundan 200 gektar uzumzor to‘liq hosil bermoqda.

Tumandagi “Amirobod” ovul fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan "Ulug‘ zamin mevalari" fermer xo‘jaligi 10 gektar yer maydonida bog‘dorchilik bilan shug‘ullanmoqda. Xususan, xo‘jalikda 3 gektar olma, 4 gektar o‘rik va 3 gektar uzumning “toyfi” navi ekilgan bo‘lib, bugungi kunda uzumlardan gektaridan o‘rtacha 30 tonnagacha hosil olinmoqda. Yetishtirilgan mahsulotlar xorijga eksport qilinayotgani bu sohaning salohiyati yuqori ekanidan dalolat beradi.
Fermer xo‘jaligi rahbari Lazizbek Hasanovning ta’kidlashicha, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, yuqori hosilli navlarni ekish va samarali agrotexnologiyalarni joriy etish natijasida xo‘jalik iqtisodiy barqarorlikka erishmoqda. Uzum yig‘im-terim mavsumida 30-40 nafar kishi mavsumiy ish bilan ta’minlanadi.

Mamlakatimizda uzumchilik sohasini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor natijasida kelgusida yangi navlarni olib kelib, ekin maydonlarini kengaytirish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, Orolbo‘yi iqlim sharoitiga mos turli meva va uzum ko‘chatlarini fermer xo‘jaligining o‘zida yetishtirish maqsad qilinmoqda.
Tumanda bugungi kunda har bir gektar uzumzordan 25 tonnagacha xosil olinmoqda. Yetishtirilgan uzumlar, asosan, Rossiya xamda Qozog‘iston mamlakatlariga eksport qilinmoqda. Bu esa hududda bog‘dorchilikni rivojlantirish va aholining daromad manbalarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri