Futbol bo‘yicha Elit Osiyo chempionlar ligasining g‘arbiy mintaqa umumiy guruh bosqichi 6-tur uchrashuvlari o‘z yakuniga yetdi.
Musobaqaning so‘nggi kungi bahslarida «Al-Sadd» o‘z maydonida «Shabab Al-Ahli» ustidan 4:2 hisobida zafar quchgan bo‘lsa, Saudiya Arabistonida «Al-Ittihod» 1:0 hisobida «Nasaf» jamoasini taslim etdi.
Mazkur muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng, “Nasaf” mamlakat chempioni sifatida OCHLda ishtirok etgan jamoalarimiz orasida antirekord o‘rnatdi. Gap shundaki, bugunga qadar ushbu musobaqada mamlakatimiz sharafini himoya qilgan jamoalarning birortasi 6 ta o‘yinda ochkosiz qolmagan edi. 2016 yilda “Lokomotiv” 6 o‘yinda bor yo‘g‘i 5 ochko to‘plagan bo‘lib, eng past ko‘rsatkich ushbu jamoaga tegishli edi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu turda «Al-Sharja» - «Al-Hilol» 0:1, «Traktor» - «Al-Duhayl» 2:1, «Al-Garafa» - «Al-Vahda» 1:0 va «Al-Shorta» - «Al-Ahli» 0:5 hisobidagi natijalar qayd etildi.
Hozirda musobaqa jadvalida «Al-Hilol» 18 ochko bilan peshqadamlik qilayotgan bo‘lsa, «Traktor» 14 ochko bilan ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. «Al-Ahli» va «Al-Vahda» klubi 13 ochko to‘plab 3-4 pog‘onada qayd etilgan bo‘lsa, hisobida 10 ochko bo‘lgan «Shabab Al-Ahli» jamoasi kuchli beshlikdan joy olgan.
Shuningdek, «Al-Ittihod» 9, «Al-Duhayl» va «Al-Sharja» 7 ochko bilan 6-8-pog‘onalarda bormoqda. «Al-Garafa» 6 ochko, «Al-Sadd» 5 ochko evaziga 9-10-o‘rinlarni band etgan. «Al-Shorta» 1 ochko bilan, «Nasaf» hamon ochkosiz so‘nggi o‘rinlarda bormoqda. Bu jamoalar oldinda ikki tur bo‘lsa-da, musobaqaning keyingi bosqichidan umidlarini uzgan.
Guruh bosqichining 7-tur o‘yinlari 9-10 fevral kunlari bo‘lib o‘tadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA