Futbol bo‘yicha Elit Osiyo chempionlar ligasining g‘arbiy mintaqasida umumiy bosqichning birinchi tur uchrashuvlari o‘z yakuniga yetdi. Birinchi tur doirasida “Shabab Al-Ahli” (BAA) — “Traktor” (Eron), “Al-Hilol” (Saudiya Arabistoni) — “Al-Duxail” (Qatar) jamoalari raqobatlashdi.
Dubay shahridagi “Al-Rashid” stadionida o‘tgan “Shabab Al-Ahli” va “Traktor” klublari bahsi 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlandi. Darvoqe, ushbu uchrashuvda hamyurtimiz Odil Hamrobekov (“Traktor”) 78-daqiqada zaxiradan maydonga tushirildi. Ar-Riyod shahridagi “Kingdom Arena” stadionida o‘tkazilgan “Al-Hilol” hamda “Al-Duxail” uchrashuvida 2:1 hisobi qayd etildi.

Shu tariqa, Elit Osiyo chempionlar ligasining umumiy bosqich birinchi tur bahslari o‘z yakuniga ketdi. Ushbu turdan so‘ng, "Al-Ahli", “Sharja”, “Al-Hilol” va “Al-Vahda” klublari 3 ochko jamg‘arib, gollar nisbati bo‘yicha 1-4 o‘rinlarga joylashdi. “Al-Sadd”, “Shabab Al-Ahli”, “Al-Shorta” hamda “Traktor” jamoalari durang qayd etgan holda bir ochko bilan keyingi pog‘onalardan o‘rin egalladi. Ilk turda mag‘lub bo‘lgan “Al-Garafa” , “Al-Duxail”, “Al-Ittihod”, “Nasaf” 9-12 o‘rinlarga tushib ketdi.
Elit Osiyo chempionlar ligasining g‘arbiy mintaqasida umumiy bosqichning 2-tur o‘yinlari 29-30 sentyabr kunlari tashkil etiladi. Unda “Nasaf” – “Al-Hilol”, “Traktor” – “Al-Vahda”, “Al-Garafa” – “Al-Shorta”, “Al-Duxail” – "Al-Ahli", “Al-Sadd” – “Sharja”, “Al-Ittihod” – “Shabab Al-Ahli” bahslariga guvoh bo‘lamiz.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA