Xabaringiz bor, “Nasaf” va “Andijon” futbol klublari joriy yilgi mavsumda Elit Osiyo chempionlar ligasi va OCHL ikkinchi musobaqalarida mamlakatimiz sharafini himoya qiladi.
Osiyo futbol konfederatsiyasi ushbu musobaqalarning birinchi tur bahslariga tayinlangan hakamlar nomini e’lon qildi. Unga ko‘ra, 15 sentyabr kuni Jidda shahrida bo‘lib o‘tadigan "Al-Ahli" va “Nasaf” jamoalari bahsini yaponiyalik hakamlar brigadasi boshqarib borishi ma’lum bo‘ldi. Jumladan, uchrashuvni Tanimoto Ryo bosh hakam sifatida boshqarsa, unga qanotlarda Takeshi Asada, Takebe Yosuke yordam beradi. To‘rtinchi hakam sifatida Nagamine Koki ishlaydi. VAR hakamlari etib Hiroki Kasaxara, Kota Vatanabe tayinlandi.

Turkmanistonning Arkadag‘ shahrida 17 sentyabr kuni tashkil etiladigan “Arkadag‘” – “Andijon” uchrashuvini singapurlik Ahmad Al Badavi bosh hakam sifatida boshqaradi. OCHL ikkinchi musobaqasi o‘yinlari guruh bosqichida VAR'dan foydalanilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, Elit Osiyo chempionlar ligasida “Nasaf” o‘z maydonida "Traktor" , "Al-Shorta", “Al-Hilol" va "Al-Vahda" bilan raqobatlashsa, safarda "Shabab Al-Ahli, "Al-Ahli", "Sharja" hamda "Al-Ittihod" jamoalariga qarshi maydonga tushadi. Musobaqa 15 sentyabrda start oladi va keyingi yilning 25 apreliga qadar davom etadi.
OCHL-2 musobaqasining G‘arb mintaqasida “Andijon” klubi “B” guruhidan joy olgan bo‘lib, “Al-Ahli”, “Arkadag‘” va “Al-Xoldiya” jamoalari bilan o‘zaro kuch sinashadi. Ushbu guruh bosqichi 16 sentyabr kunidan 10 dekabr sanasiga qadar o‘tkaziladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA