Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Elga naf keltirish – baxt
16:39 / 2016-01-15

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan yili oiladagi o‘n farzandning eng kichigi – Kenja to‘rt yoshda edi.

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan yili oiladagi o‘n farzandning eng kichigi – Kenja to‘rt yoshda edi.

Oradan yillar o‘tdi. Kenja maktabda, so‘ng Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida tahsil oldi.

2009-yili o‘qishni tamomlab, Mirishkor tumaniga, ona qishlog‘iga qaytdi. Mineral o‘g‘itlar sotish shoxobchasida ish boshladi.

2011-yilda Prezidentimizning xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida bildirgan quyidagi fikrlari Kenja Jomurodovni qattiq hayajonga soldi: “Bu vohada mujassam bo‘lgan ulkan moddiy va ma’naviy boyliklar, iqtisodiy va intellektual salohiyat, ayniqsa, mustaqillik yillarida yorqin namoyon bo‘lib, el-yurtimiz manfaati, Vatanimiz ravnaqi yo‘lida xizmat qilayotgani barchamizni quvontiradi. Ayni vaqtda bu qadimiy va navqiron diyorning eng katta boyligi, hech shubhasiz, uning hayot sinovlarida toblangan, bag‘rikeng, mard va oriyatli xalqidir”.

Kenja o‘ylanib qoldi. Ko‘nglida nimadir qilish, yurtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik, yaratuvchanlik ishlariga hissa qo‘shish niyati tug‘ildi.

2012-yili fermer bo‘lish maqsadida tuman hokimligiga ariza bilan murojaat qildi. Hamma maydonlar egali, ekishga yaroqli yerlar band, deyishdi. Kurash tushib yurgan yigit emasmi, ko‘nglida or-nomus, g‘urur ham shunga yarasha. Kenja qo‘riq yer ochishga qaror qildi. Niyatini amalga oshirish uchun Chandir qishlog‘idan 20 kilometr uzoqlikdagi adirlikdan 86 gektar yerni ekin ekish uchun tayyorladi.

Adir o‘zi nima? Yomg‘ir ko‘p yoqqan yili o‘t-o‘lan mo‘l bo‘lib, chorva yayraydigan, yoz jaziramasida esa qovjiragan, bir amallab suv chiqarsa bog‘, tokzorga yaraydigan tepalik. Yosh, g‘ayratli fermer bu yerlarda g‘alla, paxta yetishtirdi.

Shu atrofda yig‘ilib qolgan sizot suvlardan ikkita elektr nasos yordamida unumli foydalandi. Natijada yerning zaxi qochdi, hosilga baraka kirdi. 20 nafar qishloqdoshi ishli bo‘ldi. G‘ayratli yigit do‘stlari bilan tuya boqdi, yilqi dupuri adirni tutdi.

Bugungi kunda dehqonchilik faqat paxta, g‘alla va pilla degani emas. Zamonaviy korxonalar qurilib, servis xizmatlari yo‘lga qo‘yilmoqda. Kenja o‘ylab qarasa, Chandirda bu sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar kam ekan. Shu sabab yosh fermer dastlabki hosildan olingan daromad evaziga aholi uchun xizmat ko‘rsatadigan yirik savdo majmuasi barpo etdi.

2015-yilda 66 gektar yerda g‘o‘zaning “Buxoro-6” navini parvarishlab, 43 sentnerdan yuqori sifatli paxta oldi. Bu nav nimasi bilan yaxshi, deb so‘rarsiz. Turli kasalliklarga, suvsizlikka chidamli, juda serhosil. Unumdor yer, suv bo‘lsa, 50-55 sentnergacha hosil beradi. Birinchi terimning yarmidayoq shartnoma rejasini bajargan yosh fermerga “Nexia” avtomobilini sovg‘a qilishdi.

– Dastlab boshlagan ishimga shubha bilan qaraganlar, ishonmaganlar bo‘lgan, – deydi K.Jomurodov. – Mehnat qilgan inson elda aziz bo‘lishi, obro‘ topishi mumkinligiga o‘zim misol. Bu kuchimga kuch, g‘ayratimga g‘ayrat qo‘shdi. Donolar bejiz “Barbod qiluvchilardan bo‘lma, yaratish ishtiyoqi bilan yasha”, deyishmagan-da.

Hosilga yarasha daromad ham zo‘r bo‘ldi. Qishlog‘ini obod qilishga kirishgan yigitga shu atrofda qarovsiz yotgan ferma binosi xunuk ko‘rina boshladi. Topgan foydasini shu binoni ta’mirlashga sarfladi. Tomni yopib, atrofni tartibga keltirishni boshlab yubordi. 2 ming bosh qoramol sig‘adigan ferma binosini shu yil bahorga bitirishni rejalashtirgan. Ungacha fermer 40 bosh qoramolini ko‘paytirish harakatida. Shu maqsadda “Qishloq qurilish bank”dan 280 million so‘m va 1 million dollar kredit oldi.

– E’tiborni ko‘proq sutni qayta ishlashga qaratmoqchimiz, – deydi fermer. – Buning uchun zamonaviy korxona qurish, 50 dan ortiq ish o‘rni yaratish niyatidamiz. Yo‘llarni ta’mirlash, ishlab chiqarish korxonalari barpo etish ham rejamizda bor.

Yosh fermerning qizi To‘maris besh yoshga kiradi. Tili biyron qizaloq kurash tushsa, tengdosh bolalarni ham bemalol yiqitadi. Kenjaning qizi mustaqillik, fermerlik kabi so‘zlarning mazmunini yaxshi anglaydi. To‘maris ulg‘aygach, tikkan liboslari, yaratgan modellari bilan dunyo kezib, O‘zbekiston nomini yanada yuksaltirishini istaydi. Shu niyat unga bir olam kuch-quvvat bag‘ishlab, yangi bunyodkorlik ishlariga undaydi.