Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Elektrotexnika sohasi: istiqbolli tashabbuslar amalda
14:33 / 2022-05-12

Prezidentimiz raisligida elektrotexnika sohasida yangi zaxiralarni safarbar qilish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda aholi talabi va import tarkibini o‘rganib, shunga mos mahsulotlar ishlab chiqarish, viloyatlar kesimida yangi loyihalarni shakllantirish zarurligini ta’kidlangan edi.

Xo‘sh, bu borada Toshkent viloyatining imkoniyatlari qanday? Ishlab chiqarish tarmoqlari tomonidan bu borada amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi qoniqarlimi? 

Viloyatda 75 ta elektrotexnika vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalar mavjud bo‘lib, ular tomonidan 95 turdagi 183 million dollarlik mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Xususan, “UzEltexsanoat” uyushmasi bilan ishlab chiqilgan dasturga asosan 2022-2024 yillarda 274 million dollarlik qo‘shimcha 38 ta loyihalar ishga tushirilishi natijasida 5 ming 875 nafar yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Natijada 2024 yil yakunga borib qo‘shimcha korxonalar soni 14 taga, mahsulot turlari 29 taga, ishlab chiqarish hajmi 513 million dollarga, eksport hajmi esa 91,4 million dollarga yetadi. O‘z navbatida import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar  ishlab chiqarish hajmi ham ortadi. 

Birgina joriy yilning birinchi choragida umumiy qiymati 391 milliard so‘m bo‘lgan 3 ta loyiha ishga tushirildi. Bu 400 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratish imkonini berdi. Xususan, "Premier Electrotech" MCHJ tomonidan Ohangaron tumanida 23 million dollar investitsiya hisobiga yiliga 129 ming dona sovitkich va kir yuvish mashinalari ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi ishga tushirildi. Bu yerda 350 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Shu davrda 25,9 million dollarlik 31 turdagi mahsulotlar Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon kabi 12 ta davlatga eksport qilindi. Asosan viloyatdan transformator, mis simlar, duxovka, televizor hamda boshqa turdagi tayyor va yarim tayyor mahsulotlar eksport qilinmoqda.

Ta’kidlash lozimki, “UzEltexsanoat” uyushmasiga a’zo bo‘lmagan hududiy dasturdagi loyihalar mavjud. Jumladan, hozirgi kunda Chirchiq shahridagi kichik sanoat zonasi hududida “NOBLE METAL CO” MCHJ XQ kompaniyasi tomonidan xalqaro standartlar va talablarga javob beradigan yuqori sifatli mis mahsulotlari ishlab chiqarish zavodi qurilishi yakunlanmoqda. Loyiha qiymati 19,4 million dollarlik korxonada yiliga 4,6 ming tonna mis quvurlari tayyorlanadi. Shu bilan birga, 450 tonna mis fitinglari va 330 tonna mis pripoylari ishlab chiqariladi. 150 kishi ish bilan ta’minlanadi. 

Bundan tashqari, mazkur korxona Piskent tumanidan 10 gektar yer maydonini auksion savdolarida xarid qildi. Endilikda tayyor mahsulot tannarxini pasaytirish, shuningdek, mis chiqindilari va parchalarini qayta ishlashning butun siklini o‘zlashtirish maqsadida, qayta ishlangan materiallardan oyiga 500 tonna miqdorida mis katodini ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Amalga oshirilayotgan mazkur investitsiya loyihasi 12,86 million dollarga teng.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 18 oktyabrdagi “Rangli metall parchalari va chiqindilarini to‘plash, topshirish hamda qayta ishlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori bilan Respublika hududida rangli metall parchalari va chiqindilarini yig‘ish tartibi belgilangan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, rangli metallar parchalari va chiqindilarini yig‘ish bo‘yicha olib borilgan o‘rganishlarga ko‘ra, xomashyo hajmining salmoqli qismi topshirilmay qo‘shni davlatlarga noqonuniy ravishda jo‘natilishi kuzatilmoqda. Yoki normativ-texnik jihatdan tartibga solish talablariga rioya qilmaydigan mahalliy kichik sexlarning sifat va ekologik me’yorlar bo‘yicha zamonaviy talablarga javob bermaydigan asbob-uskunalarda qayta ishlanmoqda. Buning oldini olish maqsadida ushbu sohadagi barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar uchun teng sharoitlar yaratish, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarishning uzluksiz siklni yaratish lozim bo‘ladi. 

Xususan, bunday imkoniyatlar yaratilgan taqdirda, ikkilamchi xom-ashyodan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish mumkin. Ruh va boshqa metallar aralashmalari bilan ikkilamchi misni qayta ishlash orqali jez fitinglari, gaykalar, eshik qulflari, folga va boshqa mahsulotlar tayyorlanadi. Qayta ishlash loyihalari atrof-muhit ifloslanishi bilan kurashishning eng samarali usuli hisoblanadi. 

A.Musayev, O‘zA