Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Hukumat komissiyasi, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi hamda Savdo-sanoat palatasi hamkorligida elektrotexnika sanoati sohasida faoliyat yuritayotgan kompaniyalar va tadbirkorlar ishtirokida ochiq muloqot shaklidagi davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad elektrotexnika tarmog‘ida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni qiynayotgan dolzarb muammolarni bevosita muhokama qilish, mavjud to‘siqlarni aniqlash hamda ularning amaliy va tezkor yechimlarini ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida energiya ta’minoti barqarorligi, ishlab chiqarish infratuzilmasining holati, bojxona va logistika jarayonlari, sertifikatlash tizimi, ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirishdagi murakkabliklar, imtiyozli kreditlash, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan omillar keng qamrovda ko‘rib chiqildi.
Bugungi kunda elektrotexnika tarmog‘i mamlakatimiz sanoat tarmoqlari orasida eng jadal rivojlanayotgan yo‘nalishlardan biriga aylangan. So‘nggi yillarda amalga oshirilgan tizimli islohotlar, investitsiyaviy muhitning sezilarli yaxshilanishi va mahalliylashtirish dasturlari natijasida tarmoqda ishlab chiqarish hajmi 8.1 barobar oshib, uning sanoatdagi ulushi 3.5 foizni, eksportdagi ulushi esa 10 foizni tashkil etdi. Ayni paytda sohada mingdan ortiq kichik va o‘rta korxonalar faoliyat yuritib, 52 mingdan ziyod ishchi-xizmatchilarning bandligi ta’minlangan. 2025 yil elektrotexnika sanoati uchun yuqori natijalarga boy bo‘ldi. Yil yakunlariga ko‘ra, ishlab chiqarish hajmi 35 trillion so‘mga, eksport esa qariyb 1.5 milliard dollarga yetdi. Joriy yilda tarmoqda 3 mlrd dollarlik eksportga chiqish belgilab olingan. Buning uchun sohada jahon bozorlaridagi xomashyo narxlarining o‘zgaruvchanligi, logistika zanjirlaridagi uzilishlar, energiya ta’minotidagi uzluksizlik masalalari, ruxsat berish va nazorat tizimidagi ayrim byurokratik jarayonlar kabi muammolarni hal etish lozim. Ochiq muloqotda asosiy e’tibor ana shu masalalarni tadbirkorlar bilan ochiq, oshkora va tizimli tarzda muhokama qilish, ularning yechimi bo‘yicha aniq mexanizmlarni belgilashga qaratildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, Bosh prokuror o‘rinbosari Dilmurod Qosimov, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi rahbari va a’zolari, vazirlik va idora vakillari, xorijiy davlatlardagi O‘zbekistonning favqulodda va muxtor elchilari (onlayn tarzda), moliya institutlari hamda 200 nafardan ortiq tadbirkor ishtirok etdi. Muloqot davomida tadbirkorlar tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar batafsil muhokama qilinib, energiya ta’minoti, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, logistika xarajatlarini kamaytirish, sertifikatlash tizimini optimallashtirish hamda ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi. Mazkur ochiq muloqot elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish, tadbirkorlar uchun qulay va shaffof ishbilarmonlik muhitini yaratish hamda sohaning raqobatbardoshliligini oshirish yo‘lida muhim amaliy platforma bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/-PTQe--jf2s" title="Elektrotexnika sanoatida ochiq muloqot: tizimli muammolar muhokama qilindi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Doniyor Yakubov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA