Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Elektrotexnika sanoatida erishiladigan maqsadli ko‘rsatkichlar belgilandi
11:25 / 2025-10-16

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Elektrotexnika sanoatida xomashyoni chuqur qayta ishlashni rag‘batlantirish, sohaning investitsiyaviy hamda eksport salohiyatini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq:  

a) 2026 yilda eksport geografiyasini 80 ta davlatga va eksport hajmini 3 milliard dollarga;  

b) 2030 yilda mis xomashyosini birja savdolariga chiqarish hajmini 225 ming tonnaga yetkazish elektrotexnika sanoatida erishiladigan asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar etib belgilandi.

2026 yil 1 yanvardan boshlab "Olmaliq KMK" AJ tomonidan ishlab chiqariladigan mis katodini birja savdolariga qo‘yishda 2030 yil 31 dekabrga qadar uning boshlangich narxini qo‘shilgan qiymat solig‘isiz London metall birjasi narxidan 4 foiz chegirma bilan belgilash, shuningdek, birja savdolari orqali mis xomashyosini xarid qilishda to‘lovlarni bo‘lib to‘lash tartibi bekor qilinadi.  

2026-2027 yillarda elektrotexnika sanoati korxonalari bo‘lgan barcha toifadagi tadbirkorlik sub’ektlariga aylanma mablag‘ uchun, shu jumladan, mis xomashyosini xarid qilishga ajratiladigan tijorat banklari kreditlari bo‘yicha "Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi" aksiyadorlik jamiyati hisobidan:  

a) kredit miqdoridan qat’i nazar, uning 20 milliard so‘m ekvivalentidan oshmagan qismi bo‘yicha:  

foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining ikki baravaridan ortiq bo‘lmagan milliy valyutadagi kreditlarning asosiy stavkadan 4 foiz punkt yuqori qismi, lekin 10 foiz punktdan oshmagan miqdorda;  

xorijiy valyutadagi kreditlar foiz stavkasining 6 foizdan yuqori qismi, biroq 5 foiz punktdan oshmagan miqdorda tadbirkorlik sub’ektining barqarorlik reytingidan qat’i nazar kreditning to‘liq muddatiga kompensatsiya qilib beriladi; 

b) 10 milliard so‘m ekvivalentigacha, biroq kreditning 50 foizidan ortiq bo‘lmagan qismiga kafillik taqdim etiladi.  

2026 yil 1yanvardan boshlab:  

a) misdan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni eksport qilishda bojxona yuk deklaratsiyasida mahsulotlarning texnik parametrlariga qo‘shimcha ravishda ularning diametri, qalinligi, uzunligi, qoplamasi, tarkibidagi mis hajmi to‘g‘isidagi ma’lumotlar aks ettiriladi;  

b) byudjet buyurtmachilari tomonidan amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari, bino-inshootlar, shuningdek, ijtimoiy soha ob’ektlarini barpo etish doirasida mahalliy elektrotexnika tovarlari ulushi kamida 30 foizni, shu jumladan, kabel-o‘tkazgich mahsulotlari va transformatorlar - kamida 70 foizni, nasoslar va elektrodvigatellar kamida 50 foizni tashkil etishi sharti belgilanadi;  

v) tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan mis xomashyosini xarid qilish bo‘yicha tuzilgan shartnomalarga muvofiq "Olmaliq KMK" AJ tomonidan ortib berish muddatlariga rioya etilishi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan har chorakda o‘rganib boriladi.  

2026 yil 1 yanvardan boshlab elektrotexnika mahsulotlari bo‘yicha:  

a) byudjet buyurtmachilari hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida o‘tkaziladigan mahalliy auksion savdolari yo‘lga qo‘yiladi. Bunda savdolar boshlang‘ich narxni pasaytirish uchun o‘tkaziladigan elektron auksion tartib-taomillari asosida shartnoma qiymati bilan bog‘lik, cheklovlarsiz o‘tkaziladi;  

b) byudjet buyurtmachilari tomonidan xarid rejalari e’lon qilinishi bilan bir vaqtda ushbu ma’lumotlar mahalliy ishlab chiqaruvchilarga avtomatik ravishda elektron xabarnoma orqali yuboriladi hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilardan taklif kelib tushganda xaridlar ular o‘rtasida amalga oshiriladi;  

v) mahalliylashtirish darajasi 30 foizdan yuqori bo‘lgan mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan byudjet buyurtmachilari o‘rtasida tuzilgan shartnomalar bo‘yicha yetkazib beriladigan tovarning mahalliylashtirish darajasiga mutanosib miqdorda avans to‘lovlarini to‘lab berishga ruxsat etiladi.

O‘zA