Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Elektrotexnika sanoati rivojlanadi
18:07 / 2024-02-07

Qaror va ijro

Toshkent viloyatida elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, tarmoq korxonalari faoliyatini samarali tashkil etish va yuqori qo‘shilgan qiymatli elektrotexnika mahsulotlari nomenklaturasini kengaytirish borasida amaliy ishlar olib boilmoqda.

So‘nggi yillarda tarmoqqa to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni jalb etish, mahalliy xomashyo resurslarini qayta ishlash, import o‘rnini bosuvchi, eksport bozorlarida raqobatbardosh zamonaviy elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Hozir bu tarmoqdagi mavjud ishlab chiqarish korxonalari jami 75 ta bo‘lib, shundan 9 tasi kabel-sim, 15 tasi maishiy texnika 51 tasi boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan.

Prezidentimizning 2024 yil 10 yanvardagi “Elektrotexnika sanoatining ishlab chiqarish va eksport salohiyatini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida yangi zaxira va imkoniyatlarni safarbar qilish bo‘yicha muhim vazifalar belgilandi. Unga ko‘ra, “Eltech Industrial” texnoparki uchun 214 gektar yer maydoni ajratilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, shuning kattagina qismi Ohangaron tumani hissasiga to‘g‘ri keladi.

– Hozir bu yerda 138 gektar maydonda 10 ta loyihaning qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda, – deydi viloyat investisiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i Najmiddinxo‘ja Sharipov. – Shu bilan birga, qulay infratuzilmaga ega mazkur hududda investitsiya loyihalarini tezroq qurish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, faoliyatni samarali tashkil etish uchun imtiyozli bank kreditlaridan foydalanish kabi masalalarda tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. 

Viloyat hokimligi elektrotexnika sanoatini rivojlantirishda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasida ko‘lamli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Xususan, Xitoy investorlardan biri “Shandong Huake Semiconductors research institute” va “Bitmain Huake Semiconductors research institute” kabi xalqaro tashkilotlar bilan keng ko‘lamli kelishuvlar asosida ishlar olib borilmoqda. Ular sanoatni rivojlantirish borasida katta tajribaga ega bo‘lib, hozirgi kunda yuqori aniqlikdagi raqamli intellektual datchiklar va chiplar ishlab chiqarilmoqda. Mazkur mahsulotlar turli sohalardagi kompyuterlashgan texnikalar uchun ishlatiladi. 

Bundan tashqari, viloyatda Xitoy davlati bilan hamkorlikda “Bir kamar – bir yo‘l” tashabbusi asosida yarimo‘tkazgich sanoatining jadal rivojlanishiga ixtisoslashgan zamonaviy sanoat parkini tashkil etish ham mo‘ljallangan. Unda ilg‘or texnologik imkoniyatlar yaratgan holda qishloq xo‘jaligi, moliya, logistika, texnologiya kabi ko‘plab markazlarni tashkil etish rejalashtirilgan.

2023-2025 yillarda hudud bo‘yicha qiymati 416 million dollar bo‘lgan 41 ta loyiha ishga tushiriladi. Joriy yilda 18 ta loyiha ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Masalan, ulardan biri Yangiyo‘l tumanidagi “Enter Solar Green Energy” korxonasi tomonidan 16 million dollarlik yiliga 365,7 ming dona zamonaviy quyosh panellar ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Natijada 250 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Ohangaron tumanidagi “Metal Processing Technology” MCHJ korxonasi tomonidan esa 3,5 million dollarlik yiliga 5 ming tonna mis trubalari ishlab chiqarish loyihasi ishga tushiriladi va 50 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

A.Musayev, O‘zA muxbiri