AOKA da o‘tkazilgan brifingda “O‘zeltexsanoat” uyushmasi axborot xizmati rahbari Namoz Tolipovning ma’lum qilishicha, mamlakatimiz iqtisodiyotining muhim “drayveri” hisoblangan elektrotexnika sanoati korxonalari tomonidan 2023 yil yanvar-aprel oylarida umumiy qiymati 336,1 mln. dollarlik elektrotexnika mahsulotlari xorijga eksport qilingan.
Bu o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda, 1,5 barobar ko‘p deganidir. Qayd etilishicha, 200 turga yaqin elektrotexnika mahsulotlari jahonning 60 ta mamlakatiga 92 ta eksportyor korxonalar tomonidan amalga oshirilgan. 12 ta yangi korxona ilk marotaba o‘z mahsulotlari bilan jahon bozorlariga chiqdi.
Yaqinda davlatimiz rahbarining Germaniya davlatiga tashrifi davomida elektrotexnika sanoati sohasida jami qiymati 113,3 mln. yevroga teng 9 ta kelishuvga erishildi. Shundan 2 ta kelishuv aynan eksport shartnomasi hisoblanadi. Eksport geografiyasi ham sezilarli darajada kengaydi. Vengriya, Misr, Germaniya va Belarus Respublikalariga 90 mln. dollarlik mahsulotlar yetkazib berish ko‘zda tutilgan.
Ta’kidlash joizki, korxonalar tomonidan shu kungacha 70 ta xalqaro sertifikat olingan bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonlari to‘liq xalqaro standartlarga javob beradi. Bu esa mahsulotlarning jahon bozorlarida erkin raqobatdoshligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Korxonalar tomonidan amalga oshirilayotgan mahsulotlarning aksariyat qismi Turkiya, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston va Ozarbayjon kabi mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA