Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Elektrotexnika mahsulotlarida xalqaro standartlarga moslashuv uchun qo‘shimcha vaqt berildi
12:27 / 2026-02-27

Vazirlar Mahkamasining 2025-yilning 15-avgustdagi “Elektrotexnika va radioelektronika mahsulotlarida xavfli moddalarni ishlatishni cheklash to‘g‘risidagi texnik reglamentni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq, bir qator texnik reglamentlarga muhim o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritildi.

Ushbu o‘zgarishlar bolalar xavfsizligini ta’minlash, gaz uskunalari xavfsizligini kuchaytirish hamda elektrotexnika mahsulotlariga oid xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan.

“Bolalar o‘yinchoqlari xavfsizligi to‘g‘risida”gi texnik reglamentga xalqaro tajriba asosida yangi talablar kiritildi. Endilikda magnitli o‘yinchoqlar va belanchaklar uchun maxsus xavfsizlik bo‘yicha qat’iy mezonlar o‘rnatildi: ularda aniq ogohlantiruvchi yozuvlar bo‘lishi shart va magnit kuchining me’yori bolalar xavfsizligini ta’minlash uchun cheklanadi. Bu o‘zgartirishlar ayniqsa, 3-6 yoshli bolalar uchun xavfli bo‘lishi mumkin bo‘lgan mahsulotlardan keladigan xavflarni kamaytirishga xizmat qiladi va xalqaro standartlarga mos keladi.

Shuningdek, “Gaz holatidagi yoqilg‘ida ishlovchi apparatlarning xavfsizligi to‘g‘risida”gi texnik reglament ham tubdan takomillashtirildi. Yangi normalarga ko‘ra, gaz uskunalarini ishlab chiqarish va montaj qilish payvandlash ishlari aniq belgilangan joylarda bajarilishi shart, bu texnika xavfsizligini oshiradi. Shu bilan birga isitish qozonlari zararli chiqindilarni kamaytiruvchi filtrlar va suvni isitish qurilmasi (ekonomayzer) bilan jihozlanishi lozim. Bu ham yong‘in xavfini, ham ekologiyaga salbiy ta’sirni kamaytiradi.

Texnik jihatdan tartibga solish agentligining ma’lum qilishicha, “Elektrotexnika va radioelektronika mahsulotlarida xavfli moddalarni cheklash to‘g‘risida”gi texnik reglamentni bajarish uchun mahalliy ishlab chiqaruvchilar va importyorlar uchun o‘tish muddati yana 1 yilga uzaytirildi. Bu reglament elektrotexnika mahsulotlarida xavfli kimyoviy moddalar miqdorini cheklash bo‘yicha xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashuvni nazorat qiladi va ularni bosqichma‑bosqich joriy etish imkonini beradi.  

Shu tariqa korxonalar sinov laboratoriyalarini modernizatsiya qilmoqda, xodimlarning malakasini oshirmoqda va yangi xalqaro talablarga moslanmoqda. Ushbu o‘zgarishlar faqat me’yoriy baza bilan cheklanmaydi, balki mahsulotlar xavfsizligini ta’minlash, iste’molchilarni zararli ta’sirlardan himoya qilish hamda xalqaro standartlarga moslashishni ta’minlaydi.  

Bolalar o‘yinchoqlari xavfsizligi bo‘yicha yangi talqinlar bolalarning sog‘lig‘ini birinchi o‘rinda qo‘ygan holda qabul qilinmoqda, gaz uskunalari va isitish qurilmalari bo‘yicha qoidalar esa yong‘in xavfini kamaytirish va ekologik oqibatlarni kamlashtirishga xizmat qiladi. Elektrotexnika mahsulotlarida xavfli moddalarni cheklash talabi esa mahsulotlar eksporti uchun talab etiladigan xalqaro standartlarga moslashishni yengillashtiradi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA