Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Elektrotexnika mahsulotlari bo‘yicha davlat nazorati o‘tkazildi
08:44 / 2026-02-19

Farg‘ona shahrida elektrotexnika mahsulotlarini import qilish va ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi "TOS" MCHJ (nomi o‘zgartirilgan) faoliyati yuzasidan davlat nazorati tadbiri o‘tkazildi.

Nazorat davomida korxona tomonidan Xitoyda ishlab chiqarilib, realizatsiyaga berilgan mahsulotlardan namunalar olinib, akkreditatsiyadan o‘tgan sinov laboratoriyasiga taqdim etildi. O‘tkazilgan sinovlar yakuniga ko‘ra, mazkur mahsulotlar Umumiy texnik reglament hamda amaldagi standartlar talablariga nomuvofiq deb topildi.

Tekshiruv jarayonida qadoqlash va yorliqlash talablari ham qo‘pol ravishda buzilgani aniqlandi. Xususan, mahsulotlarda importyor haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatilmagan, ishlab chiqarilgan sana qayd etilmagan, hujjatlar davlat tilida rasmiylashtirilmagan.

Shuningdek, texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha yo‘riqnoma, uskuna massasi hamda sertifikatlanganlik belgisi mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday kamchiliklar iste’molchilarning hayoti va sog‘lig‘i, mol-mulki hamda atrof-muhit xavfsizligiga tahdid solishi mumkin.

Aniqlangan holatlar yuzasidan "Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida"gi hamda "Standartlashtirish to‘g‘risida"gi qonunlar talablari buzilgani qayd etildi. Korxonaga nomuvofiq mahsulotlarni savdodan qaytarib olish bo‘yicha taqdimnoma kiritildi.

Shuningdek, mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, korxonaga jarima tarzidagi moliyaviy sanksiya qo‘llanildi.

Hamroz Bayanov,

O‘zA