Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Elektronika va innovatsion texnologiyalar – sanoatning kelajagi
17:53 / 2025-11-11

Ma’lumki, zamonaviy elektron va elektrotexnik yechimlar barcha sohalarga kirib borgan. Bugungi kunda ular davlat idoralari va moliya-bank sektoridan tortib, biznes va kundalik qulayliklargacha keng tatbiq etilmoqda.

Shu ma’noda, innovatsion texnologiyalar jarayonlarni avtomatlashtirish, korxona samaradorligini oshirish, xavfsizlikni ta’minlash hamda iqtisodiy rivojlanish va hayot sifati uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

“Elektronika, elektrotexnika va innovatsion texnologiyalar - E-TechExpo 2025” 4-xalqaro ko‘rgazmasini tashkil etish bu jarayonda muhim bo‘lib, unda iste’molchi, sanoat va biznes uchun mo‘ljallangan ilg‘or texnologiyalar, uskunalar va mahsulotlarni  namoyish qilish an’anaga aylanib ulgurdi.

Bugun poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasida o‘z ishini boshlagan “E-TechExpo 2025” xalqaro ko‘rgazmasi ishlab chiqaruvchilar uchun yana bir bor shunday maydonni yaratib berdi.  

[gallery-26179]

“Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi va uning hamkori “ICA Eurasia Group” hamda "O‘zeltexsanoat" uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda xorijiy kompaniyalar qatorida 100 dan ortiq mahalliy korxona ham ishtirok etmoqda.

“Uzkabel” aksiyadorlik jamiyatining marketing bo‘limi mutaxassisi Zuhriddin Normurodovning qayd etishicha, ko‘rgazmaning birinchi kunidanoq korxona mahsulotlariga qiziquvchilar soni ancha ko‘p bo‘lgan.  

– Korxonamiz kabel va o‘tkazgich mahsulotlarini ishlab chiqaradi. Zamonaviy texnologiya va uskunalardan foydalanib, talab standartlariga mos sifatli mahsulotlar tayyorlaymiz. O‘zining ko‘p yillik tarixiga ega korxona bugungi kunda 3 mingdan ortiq turda mahsulot ishlab chiqarmoqda. 1000 dan ortiq ishchi-xodimga ega kompaniyamiz mahalliy va xorijiy bozorda o‘z o‘rniga ega. Ko‘rgazma biz uchun hamkorlik imkoniyatlarini kengaytiradi va shu maqsadda muntazam qatnashib kelamiz, – dedi u.

Ishtirokchilar tomonidan zamonaviy maishiy texnika, kabel-sim mahsulotlari, elektr o‘tkazgichlar, energiya tejamkor yoritish tizimlari, transformator uskunalari, avtomatlashtirilgan boshqaruv yechimlari hamda quyosh energiyasi asosidagi innovatsion qurilmalar taqdim etilmoqda.

– Uch yildan beri faoliyat yuritayotgan “Mono Electric” kompaniyamiz ichki va tashqi bozorda o‘z pozitsiyasini mustahkamlab, barqaror rivojlanmoqda. Bugungi kunda mamlakatning har bir viloyatida hamkorlarimiz faoliyat yurityapti. Korxonamiz elektr uskunalarini ishlab chiqaradi, bu sohada yuqori sifat va innovatsiyalarga alohida e’tibor qaratmoqda. Hozirgi vaqtda mahsulotlarimiz 8 ta xorijiy davlatga eksport qilinadi. Bu esa korxonaning xalqaro maydondagi e’tirofi va raqobatbardoshligini ko‘rsatadi. Bugungi kunda “Mono Electric”da 400 nafardan ortiq mutaxassis ishlaydi. Shu bilan birga, biz imkoniyati cheklangan shaxslar bilan hamkorlik qilamiz va ular uchun qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishga intilamiz, – dedi korxonaning savdo bo‘limi menejeri Shohrux Inog‘omov.

Aytish kerakki, “E-TechExpo 2025” xalqaro ko‘rgazmasi zamonaviy elektron va elektrotexnik yechimlarning ahamiyatini namoyon etish bilan birga, mahalliy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, yangi texnologiyalarni sinash va innovatsion rivojlanish imkoniyatlarini kengaytirishda muhim hisoblanadi. Bu turdagi tadbirlar sanoat va biznes sohasini yanada rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish hamda istiqboldagi ishlanmalarni jamoatchilikka taqdim etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Nasiba Ziyodullayeva, Oybek Pardayev (surat), O‘zA