Bugungi kunda barcha soha va tarmoqlarni raqamlashtirish, uy xo‘jaliklari, tadbirkorlik sub’ektlari va ijtimoiy soha ob’ektlarining internetga ulanish imkoniyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada “O‘zbektelekom” AK tomonidan 2024 yilda keng polasali portlar sig‘imi 457 mingtaga oshirilib, ularning soni 5,3 milliontaga yetkazilgan. Respublika bo‘yicha “O‘zbektelekom” AKning mobil aloqa va mobil internet qamrovi darajasi 94 foizga yetkazilgan.
Shuningdek, “Raqamli hukumat”ni rivojlantirish yo‘nalishida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida 130 ta yangi elektron xizmatlar joriy etilgan. Bugun ularning umumiy soni 700 taga yetdi.
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishida aytib o‘tildi. Unda Raqamli texnologiyalar vazirligi, Innovatsion rivojlanish, Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentliklari hamda “O‘zbektelekom” AKning 2024 yilda samaradorlik ko‘rsatgichlari bajarilishi holati yuzasidan axborotlari eshitildi.

Raqamli texnologiyalar vazirligining taqdim etgan axborotiga ko‘ra, vazirlik tomonidan aloqa va axborotlashtirish sohasida tizimli xizmatlar ko‘rsatilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish surati 125,8 foizni tashkil etgan. Bundan tashqari, IT-Park rezidentlari soni 2600 tani, shundan 625 tasi IT-Park rezidenti bo‘lgan xorijiy IT-kompaniyalar hisoblanib, ular tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 21,9 trillion so‘mni tashkil etgan. Sohada yaratilgan ish o‘rinlar soni esa 38,6 mingtani tashkil qilgan.
Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan 2024 yilda 5 ta texnologik park, 3 ta biznes-inkubator va akselerator faoliyati yo‘lga qo‘yilib, innovatsion faoliyat infratuzilma sub’ektlari soni 55 taga yetkazilgan.
Eshituvda “O‘zbekkosmos” agentligining axboroti ham tinglandi. Qayd etilganidek, 2024 yilda yer munosabatlari sohasida yer uchastkalarining o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi hamda o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida bino-inoshootlar qurilishi bo‘yicha respublika kesimida kosmik monitoring o‘tkazilgan. Natijada aholi punktlari, qishloq xo‘jaligi, o‘rmon fondli yerlari, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar va suvni muhofaza qilish zonasida jami 96 ming 312 ta ehtimoli yuqori bo‘lgan o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino-inshootlar mavjudligi aniqlangan.
Xalq vakillari muhokamalar davomida mazkur sohalardagi samaradorlik ko‘rsatkichlari bajarilishini yanada jadallashtirish, zamonaviy ilmiy-texnik yechimlarni keng joriy qilish, ayrim muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdi.
Muhtarama Komilova, O‘zA