Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Elektron tijorat sub’ektlari manfaatlari ishonchli himoya qilinishi lozim
21:29 / 2022-06-20

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotiga daxldor bir qator qonun loyihalari muhokama qilindi. Jumladan, «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi, «Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida»gi va boshqa qonun loyihalari partiya dasturiy vazifalari hamda elektorat manfaatlari nuqtai nazaridan qizg‘in muhokama qilindi.

Dastlab «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ko‘rib chiqilar ekan, fraksiya a’zolari qonun loyihasiga partiya elektorati manfaatlaridan kelib chiqqan holda yondashib, elektron tijorat sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari qatoriga elektron tijorat sub’ektlari manfaatlarining ishonchli himoya qilinishini ta’minlash lozimligini bildirdi.

Deputatlarning fikricha, qonun loyihasidagi normalar eksport salohiyati oshishi, xalqaro hamkorlik va tadbirkorlik rivojlanishi, byurokratik to‘siqlar bartaraf etilishi, ishbilarmonlik muhiti yanada yaxshilanishiga xizmat qiladi. Eng muhimi, zamonaviy elektron texnologiyalar elektron tijorat sohasidagi munosabatlarni tartibga solishning yangi vositalari joriy etilishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Muhokamalar davomida qonun loyihasini yanada takomillashtirish, uni pishiq-puxta holatga keltirish bo‘yicha asosli takliflar bildirilib, loyiha deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Shuningdek, yig‘ilishda «Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ham qizg‘in muhokama qilindi. Qayd etilganidek, ushbu hujjatda sohaga oid tushunchalar, vakolatli organlar, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, ma’lumotlar taqdim etish tartibi, huquq belgilovchi hujjatlar va xususiyatlari, ro‘yxatdan o‘tkazuvchilar maqomi, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni ro‘yxatdan o‘tkazishni tashkil etish, nizolarni sudgacha hal etish, javobgarlik va kafolatlar o‘z ifodasini topgan.

Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lgan qoidalarning o‘zaro muvofiqlashtirilmagan normalarini bartaraf etish imkonini yaratadi, atamalar va tushunchalarning bir xilligini ta’minlaydi.

Fraksiya yig‘ilishida boshqa bir qator qonun loyihalari ham ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA