Bugungi kunda jahon chakana savdosining 20 foizdan ortig‘i elektron tijorat hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. 2027 yilga borib bu ko‘rsatkich 22,6 foizni tashkil etishi kutilmoqda. Mamlakatimizda esa umumiy chakana savdo bozorida elektron tijorat hajmi 15,2 trln. so‘m yoki 4 foizni tashkil etmoqda.
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida aytib o‘tildi. Quyi palata majlisida elektron tijorat sohasini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda bugungi kunda raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishi elektron tijorat ishtirokchilari uchun zamonaviy logistika infratuzilmasiga ega milliy elektron tijorat makonini yaratish hamda bozor ishtirokchilarining huquq va manfaatlarini himoya qilishning huquqiy asoslarini qayta ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan qonun loyihasida elektron tijorat sohasidagi iste’molchilar muomalasiga kirib borayotgan yo‘nalishlarga oid yangi elektron savdo platformasi va buyurtmalar agregatori operatorlari, raqamli striming xizmati, elektron tijorat ishtirokchilari, transchegaraviy elektron tijorat kabi atamalarga tushuncha berilib, biznes jarayonlar va sohani soliqqa tortish mexanizmlarini takomillashtirish nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasi elektron tijoratning shaffof va ochiq ekotizimini yaratish, elektron tijorat platformalari va servislarini jadal rivojlantirish, iqtisodiyotdagi yashirin aylanmalar hajmini qisqartirish, elektron tijorat munosabatlaridagi iqtisodiy masalalarni yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
Muhokamalarda deputatlar tomonidan ko‘tarilgan savollarga tegishli javoblar qaytarildi. Shundan so‘ng qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA
--0--