Bugungi kunda raqamli texnologiyalar jadal rivojlanib, elektron tijorat makoni kengayib bormoqda. Shu bois, ushbu yo‘nalishning huquqiy asoslarini takomillashtirish zarur.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan elektron tijorat sohasini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan ishchi guruh yig‘ilishi o‘tkazildi.

Ikkinchi o‘qishga tayyorlanayotgan mazkur qonun loyihasi elektron tijoratning shaffof va ochiq ekotizimini yaratish, elektron tijorat platformalari va servislarini jadal rivojlantirish, iqtisodiyotdagi yashirin aylanmalar hajmini qisqartirish, elektron tijorat munosabatlaridagi iqtisodiy masalalarni yanada takomillashtirishga qaratilgan.

Yig‘ilishda tegishli vazirlik va idoralar vakillari, siyosiy partiyalar fraksiyalari a’zolari ishtirokida qonun loyihasi atroflicha ko‘rib chiqildi. Undagi ayrim normalar deputatlar tomonidan berilgan taklif va tavsiyalar asosida takomillashtirilib, loyiha matni pishiq-puxta holatga keltirilmoqda.
M.Komilova, O‘zA