Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazida “Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi va Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rtasida 2020-2021 yillarda ikki yillik hamkorlik shartnomasi” va USAIDning “Sog‘liqni saqlash tizimini axborotlashtirish” loyihasi doirasidagi konsultant – Litva Telemeditsina assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Romualdas Jonas Kizlaitis bilan suhbat bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tashrif JSST tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga axborot tizimini rivojlantirish uchun ko‘rsatilayotgan texnik ko‘makning davomi bo‘lib, markaz mutaxassislari bilan elektron sog‘liqni saqlash tizimini yaratish loyihasi bo‘yicha tajriba almashildi. Markaz tomonidan olib borilayotgan loyihalarning holati, amalga oshirish mexanizmida xorijiy tajribalarni qo‘llash borasidagi takliflar o‘rganildi.
Romualdas Jonas Kizlaitis O‘zbekistondagi faoliyati doirasida olib borilgan ishlarni o‘rganib, umumiy holatdan kelib chiqib hamda rivojlangan davlatlarning tajribalari asosida elektron sog‘liqni saqlashning yagona platformasini yaratish bo‘yicha tavsiyalarini taqdim etdi.
Vazirlikning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi ma’lumotiga ko‘ra, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi tomonidan hozirgi kunda sog‘liqni saqlash tizimida axborotlashtirish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
Bular qatorida elektron poliklinika, elektron tibbiyot kartasi, telemeditsina, yagona elektron ro‘yxatga olish va boshqa tizimni takomillashtirishga hissa qo‘sha oladigan loyihalarni misol keltirish mumkin.
O‘zA