Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Qashqadaryo viloyat hududiy boshqarmasi tashabbusi bilan jurnalist va blogerlar uchun press-tur tashkil etildi.
Qayd etilishicha, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Qashqadaryo viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan 2021 yil davomida ommaviy savdolar orqali 60 ta davlat aktivlari 47,2 milliard so‘m miqdorida investitsiya kiritish va 686 ta yangi ish o‘rni yaratish sharti bilan 42,7 milliard so‘mga sotilgan.
So‘nggi yillarda davlat aktivlari elektron savdolar orqali imtiyozli shartlar asosida sotilishi tadbirkorlar uchun qulaylik yaratmoqda. Uzoq yillar samarasiz ishlab kelayotgan ob’ektlarda yangi tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etilib, ish o‘rinlari yaratilmoqda.
Masalan, Qarshi shahridagi bo‘sh turgan ob’ekt viloyat Davlat aktivlarini boshqarish boshqarmasi tomonidan 2018 yilda “BISS ELEKTRONICS SYSTEM” MCHJga 2 milliard so‘m miqdorida investitsiya kiritish, “Elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish” faoliyatini yo‘lga qo‘yish va 40 ta yangi ish o‘rni yaratish majburiyati bilan “nol” qiymatda sotilgan.
Ushbu imtiyoz tadbirkorga faoliyatini rivojlantirish va moddiy texnik bazasini yanada mustahkamlash uchun katta imkoniyat yaratdi. Ayni paytda mazkur korxonada turli xil o‘lchamdagi zamonaviy televizorlar ishlab chiqarilmoqda. Natijada 41 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar korxona faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
bugungi kunda agentlikning viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan 73 ta davlat aktivlari 572,1 milliard so‘m boshlang‘ich bahoda ommaviy savdolarga chiqarilgan bo‘lib, shundan 42 tasi bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk ob’ektlari, 22 tasi xo‘jalik jamiyatlaridagi davlat ulushlari, 8 tasi davlat aksiya paketlarini tashkil etadi.
Hududiy boshqarma tomonidan 2022 yilning o‘tgan davri mobaynida 2 ta davlat aktivi 3,1 milliard so‘mga sotildi. Joriy yil yakuniga qadar 31 ta davlat aktivlarini 72 milliard so‘mga sotish rejalashtirilgan.
[gallery-6201]
– Viloyatda investitsiya majburiyatlari bilan sotilgan va harakatda bo‘lgan jami 104 ta ob’ekt mulkdorlari bilan tuzilgan shartnomalar mavjud, – deydi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Qashqadaryo viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sanjar Toshev. – Mazkur ob’ektlar bo‘yicha tuzilgan shartnomalarga ko‘ra ularga qurilish-ta’mirlash hamda asbob-uskunalar ko‘rinishida kiritilishi belgilangan jami investitsiyalar miqdori 277,1 milliard so‘m va 8,5 million AQSH dollarini, yaratiladigan yangi ish o‘rinlari soni 2 127 tani tashkil qiladi. Investitsiya majburiyati bilan sotilgan ob’ektlardan 39 tasi 2022 yilda ishga tushirilib, ularga 87,7 milliard so‘m hamda 2,2 million AQSH dollar investitsiya kiritiladi va 858 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan. Joriy yil o‘tgan davr mobaynida 1 ta ob’ektda investitsiya majburiyatlari bajarilishi ta’minlandi. Joriy yilning 1 apreliga qadar yana 4 ta ob’ektda investitsion majburiyatlarning bajarilishi ta’minlanadi.
Press-tur davomida ishtirokchilar davlat aktivlarini boshqarish agentligi orqali ob’ektlarni sotib olib o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan Qarshi shahri, Yakkabog‘ va Shahrisabz tumanlaridagi xususiy tibbiyot markazlari, qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalari, shuningdek, mehmonxona biznesini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlar faoliyati bilan tanishtirildi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA