Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Elektron savdo platformasi – inson omilisiz ochiq tanlov
17:38 / 2022-04-29

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining joylardagi ijrosi hamda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan yer uchastkalarini “YERELEKTRON” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali sotish tartib-tamoyillarining qay tarzda amalga oshirilayotgani bilan tanishish maqsadida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan Samarqand viloyatiga press-tur tashkil etildi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari dastlab Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasida Prezident qarorining ijrosi hamda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan yer uchastkalarini “YERELEKTRON” AAT orqali “E-auksion” elektron savdo platformasiga joylash tartibi bilan tanishtirildi.

– bugungi kunda elektron savdolarga chiqarilayotgan yer uchastkalari hududning bosh rejasi mavjud bo‘lsa mulk huquqi bilan sotuvga chiqarilmoqda, – deydi Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasi boshliq o‘rinbosari Yashnar Davronov. – Buning tadbirkorlar uchun qulayligi yer xaridini amalga oshirgach faoliyat uchun zarur bo‘lgan kredit rasmiylashtirishda undan garov ta’minoti sifatida foydalanish mumkinligidir. Shuningdek, yer joylashgan hududning bosh rejasi bo‘lmagan taqdirda ijara huquqi bilan olingan yer uchastkasida amalga oshirilgan qurilish ishlaridan so‘ng, tegishli tartibda mulk huquqi beriladi. Ayni paytgacha viloyat miqyosida 3200 ta yer uchastkasi elektron savdoga qo‘yilgan. Ulardan 45 tasi auksion savdolariga chiqarildi. bugungi kungacha to‘rtta yer maydoni sotildi. Tez orada yana 400 ta yer uchastkasi auksion savdolariga chiqariladi.

– Davlatimiz rahbarining “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi bo‘yicha viloyatimizda bir qator chora-tadbirlar belgilangan, - deydi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat boshqarmasi mutaxassisi Murodjon O‘roqov. – Jumladan, qarorning 1-ilovasida 2 ta avtosanoat tizimidagi jamiyatlarining davlat ulushlari hamda 2-ilovadagi 127 ta davlat va davlat ishtirokidagi korxonalarning bo‘sh turgan, samarasiz foydalanilayotgan hamda nosohaviy bo‘lgan binolari xususiylashtirilishi belgilangan. bugungi kunda 29 ta davlat aktivlari 44,7 milliard so‘m boshlang‘ich narxlarda auksion platformaga joylashtirilgan.

[gallery-6870]

Ta’kidlash joizki, joriy yilning mart-aprel oylarida 9 ta davlat aktivi 4,5 milliard so‘mga sotildi. Yirik va o‘rta miqyosdagi davlat aktivlarini xususiylashtirishdan joriy yil 1 iyulga qadar 50 milliard so‘m, yil oxiriga qadar qariyb 200 milliard so‘m davlat byudjetiga tushum ta’minlanishi rejalashtirilgan.

Ishtirokchilar press-tur davomida “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali investor “RENT SERVICE GROUP” MCHJ tomonidan sotib olingan Jomboy tumanidagi sobiq pilla qurti boqish va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi bino-inshootlarida amalga oshirilgan investitsiya loyihasi hamda investor “PUSKARON KELAJAK TONGI” xususiy korxonasi xarid qilgan Samarqand shahrida joylashgan sobiq 53-maktabning bo‘sh turgan bino-inshootlarining bugungi kundagi holati bilan tanishishdi.

– “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali hududimizga tutash bo‘lgan 5200 kvadrat metr bo‘sh yer maydonini 10 milliard so‘m investitsiya kiritish majburiyati bilan xarid qilgan edik, – deydi “RENT SERVICE GROUP” MCHJ direktori o‘rinbosari Botir Ibragimov. – O‘tgan davr mobaynida mazkur hududda 20 milliard so‘mlik loyihani amalga oshirib, viloyatdagi ilk ko‘rgazmalar markazini tashkil qildik. SOF EXPO xalqaro ko‘rgazmalar markazimizda 4500 kvadrat metr yopiq, 5000 kvadrat ochiq pavilon mavjud. Ushbu loyiha asosida 50 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Shu paytgacha respublika miqyosidagi uchta ko‘rgazma o‘tkazdik. Yaratilgan imkoniyatlardan tadbirkorlar mamnun. Shu bois, kelgusi yilda yana 10 ming kvadrat metr maydonda yopiq pavilon qurishni rejalashtirganmiz.

Press-tur davomida OAV vakillari tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar borasidagi o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javob olishdi.

G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA.