Mamlakatimizda “Elektron retsept” tizimining joriy etilishi hozirgi vaqtda jamoatchilik, tibbiyot xodimlari va dorixona tarmog‘ida keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ayrimlar bu yangilikni sog‘liqni saqlash tizimida muhim va zamonaviy qadam sifatida baholayotgan bo‘lsa, boshqalar uni aholiga qo‘shimcha qiyinchilik tug‘dirishi mumkin bo‘lgan vosita sifatida ko‘rmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, “Elektron retsept” tizimini joriy etishdan ko‘zlangan maqsad bemorlar xavfsizligini oshirish va salomatligini himoyalash, shifokorlarning dori tayinlashdagi mas’uliyatini kuchaytirish, dori vositalarini tayinlash va berish jarayonini tartibga solish, sog‘liqni saqlash tizimida raqamli hisob va nazoratni joriy etish va noto‘g‘ri yoki nazoratsiz qo‘llanilayotgan dori vositalari aylanishi bilan bog‘liq xavflarni kamaytirishdan iborat. Bu jihatdan qaralganda, elektron retsept nafaqat texnologik yangilik, balki sog‘liqni saqlash tizimida intizom va shaffoflikni kuchaytirishga qaratilgan islohot hisoblanadi.

Hozirda “Elektron retsept” tizimi Toshkent shahri va tajriba-sinov bilan belgilangan 15 ta tumanda joriy etilmoqda. Ushbu yondashuvning muhim jihati shundaki, tizim shoshilinch tarzda emas, balki tajriba natijalari, aniqlangan tashkiliy va texnik muammolarni inobatga olgan holda kengaytiriladi. Asosiy maqsad zaif nuqtalarni aniqlash va tizimni to‘liq joriy etishdan oldin uni mukammallashtirish hisoblanadi.
Jamoatchilik orasida eng ko‘p yangrayotgan savollardan biri: “Elektron retsept” joriy etilgach, zarur dori vositalarini olish qiyinlashmaydimi?”
Sog‘liqni saqlash vazirligi bu boradagi xavotirlarni tushungan holda qat’iy ta’kidlaydi: “Favqulodda holatlarda, bolalar, keksalar va surunkali kasalligi bor bemorlar zarur dori-darmonsiz qolmaydi. Ushbu toifadagi fuqarolar alohida nazoratga olinadi va ularga tibbiy yordam ko‘rsatishda uzilishlarga yo‘l qo‘yilmaydi”.
Bundan tashqari, shifokor retseptisiz berilishi mumkin bo‘lgan asosiy hayotiy muhim dori vositalarining bazaviy ro‘yxati shakllantirilgan. Ushbu ro‘yxat kundalik va favqulodda maishiy holatlarda aholiga tezkor yordam ko‘rsatish imkonini beradi va amaliy tajriba asosida takomillashtirib boriladi.
Fuqarolarning tizim bo‘yicha qarashlari ikki qutbga bo‘lingan. Misol uchun, aholining bir qismi “Elektron retsept” tizimiga ijobiy munosabat bildiradi. Ularning fikricha, ushbu tizim dori vositalarining noto‘g‘ri tayinlanishi va nazoratsiz qo‘llanishining oldini oladi. Elektron retsept orqali o‘z-o‘zini davolash holatlari kamayadi hamda dori faqat shifokor tavsiyasi asosida qabul qilinadi. Shuningdek, bu tizim shifokor va bemor o‘rtasidagi mas’uliyatni aniq belgilab beradi. Ijobiy qaraydiganlar elektron retsept dori bozorini tartibga solishga, noqonuniy va sifatsiz dori vositalari aylanishini qisqartirishga xizmat qiladi, deb hisoblaydi.

Tanqidiy qaraydiganlar esa “Elektron retsept” tizimi joriy etilishi natijasida poliklinikalardagi navbatlar ko‘payishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda. Ayniqsa, yoshi katta fuqarolar hamda raqamli texnologiyalardan yetarli darajada foydalana olmaydigan aholi qatlamlari uchun bu jarayon qo‘shimcha qiyinchiliklar tug‘dirishi mumkinligi ta’kidlanmoqda. Shuningdek, ayrimlar tizimda texnik nosozliklar va uzilishlar yuzaga kelishi ehtimolini ham inkor etmayapti. Shu bilan birga, mutaxassislarning fikricha, “Elektron retsept” tizimi to‘liq va to‘g‘ri ishlagan taqdirda, u uzoq muddatda aholiga sezilarli qulayliklar yaratadi. Dastlabki bosqichda yuzaga keladigan noqulayliklar esa har qanday yangi tizim joriy etilishida kuzatiladigan tabiiy moslashuv jarayonining bir qismi hisoblanadi.
Hozirda “Elektron retsept” tizimi dunyoning ko‘plab rivojlangan mamlakatlarida sog‘liqni saqlash tizimining ajralmas qismiga aylangan. Jumladan, AQSHda e-Prescribing tizimi milliy miqyosda joriy etilib, dori vositalarini noto‘g‘ri buyurish holatlarini sezilarli darajada kamaytirishga xizmat qilmoqda. Buyuk Britaniyada esa NHS Electronic Prescription Service orqali dori-darmonlar to‘liq raqamli nazorat ostida beriladi. Germaniyada eRezept tizimi bosqichma-bosqich majburiy tartibda joriy etilib, dori tayinlash va berish jarayonida shaffoflikni oshirmoqda.
Shuningdek, Shvetsiya, Finlyandiya, Latviya, Portugaliya, Xorvatiya, Chexiya, Gretsiya va Estoniya kabi davlatlarda sog‘liqni saqlash tizimi to‘liq raqamlashtirilgan bo‘lib, elektron retsept kundalik tibbiy amaliyotning odatiy qismiga aylangan. Janubiy Koreya va Yaponiyada esa dori vositalari aylanishi qat’iy nazorat qilinadi, zamonaviy raqamli sog‘liq platformalari keng joriy etilgan. Mazkur davlatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, “Elektron retsept” tizimi dastlab muayyan tashkiliy va texnik qiyinchiliklar tug‘dirgan bo‘lsa-da, uzoq muddatda tibbiy xizmat sifati va bemorlar xavfsizligini sezilarli darajada oshirishga erishilgan.
“Elektron retsept” tizimini joriy etish O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasini raqamlashtirish yo‘lidagi muhim qadam. Bu jarayon ayrim noqulayliklar, savollar va hatto e’tirozlar bilan kechayotgani tabiiy holat bo‘lib, bunday vaziyatlar dunyoning ko‘plab davlatlarida ham kuzatilgan. Muhimi, mazkur islohotning tub mohiyati cheklash yoki murakkablashtirish emas, balki inson salomatligini himoya qilish, dori vositalari aylanishida tartibni ta’minlash, shifokor va bemor o‘rtasidagi mas’uliyatni yanada aniq belgilashdan iborat.
“Elektron retsept” tizimi orqali o‘z-o‘zini davolash holatlari kamayadi, noto‘g‘ri yoki keraksiz dori buyurishning oldi olinadi, dori vositalaridan oqilona foydalanish madaniyati shakllanadi. Bu esa uzoq muddatda aholi salomatligining yaxshilanishi, surunkali kasalliklar asoratlarining kamayishi va sog‘liqni saqlash tizimiga tushayotgan umumiy yukning pasayishiga xizmat qiladi.
Bolalar, keksalar, surunkali kasalligi bor bemorlar hamda favqulodda holatlardagi fuqarolar uchun zarur dori vositalarining uzluksiz ta’minlanishi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qolmoqda. Shifokor retseptisiz beriladigan asosiy hayotiy muhim dori vositalari ro‘yxatining mavjudligi va uning amaliy tajriba asosida takomillashtirib borilishi aynan shu maqsadga xizmat qiladi.
Elektron retseptning bosqichma-bosqich joriy etilishi, ishchi guruh tomonidan doimiy kuzatuvlar olib borilishi, aholi murojaatlari uchun tezkor aloqa yo‘lga qo‘yilgani shuni ko‘rsatadiki, tizim majburiy tarzda emas, balki haqiqiy muammolarni hisobga olgan holda takomillashib bormoqda. Bu esa jamoatchilik ishonchini mustahkamlash uchun muhim omil hisoblanadi.
Elektron retsept tizimi majburiy cheklov emas, balki sog‘liqni saqlashda sifat, xavfsizlik va shaffoflikni oshirishga qaratilgan tizimli islohot. Aholi bilan ochiq muloqot, bosqichma-bosqich joriy etish va ijtimoiy himoya vositalarining saqlanishi bu jarayonning eng muhim shartlari. Eng muhimi, ushbu tizim inson salomatligini himoya qilishga xizmat qilishi, aholining manfaatlariga zid emas, balki ular uchun qulay va ishonchli tizimga aylanishi lozim.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA