Poytaxtimiz va tajriba-sinov loyihasi amalga oshirilayotgan 15 ta tuman(shahar)da dori vositalarining elektron retsept asosida berilishi amaliyoti yo‘lga qo‘yilgani jamoatchilikda turli savollarni yuzaga keltirmoqda.
Shundan kelib chiqib, bu borada aholi murojaatlari va savollariga tezkor javob berish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligining 1003 qisqa raqamli "Ishonch telefoni" bazasida muntazam faoliyat yurituvchi 1003 qisqa raqamli “Sall-markaz” tashkil etildi.
Mazkur aloqa liniyasi orqali malakali mutaxassislardan Toshkent shahri va tajriba-sinov loyihasi amalga oshirilayotgan 15 ta tuman(shahar)da “Elektron retsept” tizimi amaliyoti bo‘yicha yuzaga kelgan savollar va murojaatlarga tunu kun javob olish mumkin.
Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ushbu tizim yuzasidan jamoatchilikdan kelib tushgan savollarga javoblarni e’lon qildi.
Yotib qolgan bemorlar va poliklinikaga bora olmaydigan keksa yoshli fuqarolar "Elektron retsept"dan qanday foydalanadi? Dori shoshilinch kerak bo‘lsa-chi?
– Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 8 sentyabrdagi 570-son qaroriga muvofiq, jismoniy holati sabab tibbiyot muassasasiga kela olmaydigan va yotib qolgan bemorlar uchun dori vositalari yaqin qarindoshlari yoki qonuniy vakillari tomonidan elektron retsept asosida olinadi.
Shoshilinch holatlarda tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat qilinadi.
Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirining 2025 yil 19 noyabrdagi 355-son buyrug‘i bilan bemorga dori vositalarini shoshilinch ravishda yoki zudlik bilan berish zarur bo‘lgan taqdirda, retsept blankasining yuqori qismiga “cito” (shoshilinch) yoki “statim” (zudlik bilan) belgisi qo‘yilishi belgilangan.
Bunday belgilar retseptni dorixona va tibbiy amaliyotda shoshilinch zaruriyatini ko‘rsatadi.
Agar tungi payt tish qattiq og‘rib qolsa, ammo og‘riq qoldiruvchi dori bo‘lmasa, nima qilish kerak?
– Retseptsiz dori vositalar ro‘yxatiga og‘riqsizlantiruvchi dorilar kiritilgan bo‘lib, ulardan foydalanish mumkin.
Shuningdek, bunday hollarda bemorlar o‘zi yoki tez tibbiy yordam xizmati orqali tegishli tibbiyot muassasalarining shoshilinch qabul bo‘limlariga murojaat qilishlari tavsiya etiladi.
Surunkali kasallikka chalingan va doimiy dori qabul qiladigan bemorlar bilan qanday yo‘l tutiladi? Ular har bir qabul uchun shifokorga borib, alohida retsept oladimi?
– Sog‘liqni saqlash vazirining 2025 yil 19 noyabrdagi 355-son buyrug‘iga muvofiq, surunkali xastaligi bor bemorlarga ambulator sharoitda retsept yozilganda, anabolik faollikka ega ayrim dori vositalari istisno tariqasida 60 kunlik, ba’zi dori vositalari esa 90 kunlik davolash kursiga yetarli miqdorda belgilanishi ko‘rsatilgan.
Shuningdek, bunday bemorlarga “Elektron retsept” bo‘yicha kafolatlangan paketga kiritilgan dori vositalari dorixonalar tomonidan reimbursatsiya dasturi asosida 30 kunlik davolash kursiga yetarli miqdorda bepul beriladi.
Agar shanba kuni kechqurun yoki yakshanba kuni isitma ko‘tarilsa, qanday yo‘l tutish kerak? Birgina Paratsetamol tabletkasi uchun ham “Tez yordam” chaqirishga to‘g‘ri keladimi?
– Retseptsiz dori vositalar ro‘yxatiga isitma tushiruvchi (Paratsetamol, Ibufast, Fevalgan va boshqalar) dorilar kiritilgan bo‘lib, ulardan foydalanish mumkin.
Agar isitma 38–38,5°S dan yuqori bo‘lsa, bolada holsizlik, tinimsiz yig‘lash, tirishish, nafas olish qiyinlashishi, katta yoshdagilarda kuchli umumiy holsizlik, ko‘krak sohasida og‘riq, hushdan ketish kabi xavfli belgilar kuzatilsa tez tibbiy yordam xizmati yoki tegishli tibbiyot muassasalarining shoshilinch qabul bo‘limlariga murojaat qilishlari lozim.
Bunda shoshilinch qabul bo‘limlari shifokorlari tomonidan ambulator qabul uchun dori vositalarga retsept yozib berilishi mumkin.
Ayrim hollarda hayvonlar odamlar uchun mo‘ljallangan dori vositalari bilan davolanadi. Shu bois, zarurat tug‘ilganda hayvonlarni davolash uchun retseptni kim yozib beradi?
– Amaldagi tartibga muvofiq, tibbiyot tashkilotlari tomonidan faqat bemorlarga beriladigan dori vositalari uchun elektron retsept tayinlash mumkin. Bunda hayvonlarga dori vositasini tayinlash tegishli tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.
Allergiyaga qarshi dorilar ham retsept bilan beriladimi? Agar tunda allergiya xuruji boshlansa va shoshilinch yordam kerak bo‘lsa, nima qilish lozim?
– Allergiyaga qarshi dorilar retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, ushbu ro‘yxat 25 turdagi dori vositasini o‘z ichiga oladi. Agar xuruj tunda boshlansa, ushbu dorilarni eng yaqin dorixonalardan olish mumkin. Shuningdek, zaruratga ko‘ra, bunday hollarda tez tibbiy yordam xizmati orqali tegishli tibbiyot muassasalarining shoshilinch qabul bo‘limlariga murojaat qilish maqsadga muvofiq.
Avtomobil aptechkalari va ofislardagi birinchi yordam aptechkalari masalasi qanday hal etiladi?
– Avtomobil aptechkalari ro‘yxatiga kiritilgan dori vositalari hamda tibbiy buyumlar retseptsiz dori vositalar ro‘yxatiga kiritilgan.
Shuningdek, ofislarda ham retseptsiz beriladigan dori vositalaridan jamlanma qilish mumkin.
Agar stress tufayli yoki yosh bilan bog‘liq holda to‘satdan yurak siqilishi kuzatilsa, korvalol va validol dorilari qanday olinadi?
– Korvalol, valeriana, validol dori vositalari retseptsiz dori vositalari ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, dorixonalardan retseptsiz olish mumkin. Shuningdek, har qanday yurak xurujlari kuzatilganda tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat qilish maqsadga muvofiq.
Agar chet el fuqarosida oddiy bosh og‘rig‘i yoki odatlanmagan ovqat iste’moli natijasida oshqozon og‘rig‘i kuzatilsa, u qanday yo‘l tutadi?
– Retseptsiz beriladigan dorilar ro‘yxatiga og‘riq qoldiruvchi dori vositalari kiritilgan.
Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirining buyrug‘i bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi tasdiqlangan.
Ushbu tartibga ko‘ra, ular tibbiy yordam olish uchun tegishli tibbiy muassasalariga murojaat etishlari mumkin.
Mohigul Qosimova, O‘zA