Dori vositasini olishdan oldin u retsept asosida beriladimi yoki retseptsizmi, buni endi bir necha soniyada aniqlasa bo‘ladi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, aholi uchun yanada qulaylik yaratish maqsadida my.gov.uz portali orqali yangi xizmat ishga tushirildi: “Retsept asosida va retseptsiz beriladigan dori vositalari haqida ma’lumot”
Xizmat orqali kerakli dori nomi kiritilgach, uning retsept bilan yoki retseptsiz berilishi haqida to‘liq ma’lumot chiqadi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabarida ta’kidlanishicha, xizmatdan foydalanish oddiy, qulay va bepul.
Ma’lumot uchun, shu yilning 10 dekabridan Toshkent shahri va tajriba-sinov loyihasi amalga oshirilayotgan 15 ta tuman (shahar)da “Elektron retsept” tizimi bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi tasdiqlagan ro‘yxat asosida tegishli dori vositalari retsept bilan berilmoqda.
M.Qosimova, O‘zA