Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Elektron retsept”: dori oddiy mahsulot emas, aniq qoida va nazoratni talab qiladigan tibbiy vositadir
18:36 / 2025-12-15

Mamlakatimizda farmatsevtika sohasidagi shaffoflikni ta’minlash va aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadida muhim qadam tashlandi. Shu yilning 10 dekabridan boshlab “Elektron retsept” tizimi bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Toshkent shahri va 15 ta tajriba-sinov hududida amalga oshirilayotgan ushbu yangilik jamoatchilik, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘layotir.

Bundan qariyb bir yil oldin, joriy yilning boshida, ya’ni 21 fevral kuni Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi tomonidan barcha dorixona mas’ullariga murojaat qilinib, retseptsiz sotish qoidalarini buzganlik uchun belgilangan javobgarlik choralari eslatilgan edi.

Dorixonalar tomonidan retsept asosida beriladigan dori vositasining retseptsiz berilishi O‘zbekiston Respublikasi "Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida"gi Kodeksining 165¹-модdaсиga muvofiq, дори vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish – bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha; таркибиda kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarining retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish – bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi ta’kidlangandi.

Amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq, bir yil davomida ikki va undan ortiq marta retsept asosida beriladigan dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish tartibining buzilishi litsenziya talablari va shartlarining qo‘pol ravishda buzilishi deb hisoblanishi va belgilangan tartibda litsenziyaning bekor qilinishiga asos bo‘lishi; dorixona manzili va xodimi to‘g‘risidagi ma’lumotlar maxsus reyestrga kiritilishi va uch yil davomida saqlanishi; ushbu reyestrga kiritilgan xodim shu davr ichida dorixonada mas’ul xodim sifatida faoliyat yuritishdan mahrum bo‘lishi, reyestrga kiritilgan manzilda shu davr ichida dorixona ochish taqiqlanishi qayd etilgandi.

Afsuski, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining ogohlantirishlariga qaramay, ayrim dorixonalar tomonidan shifokor retsepti asosida berilishi lozim bo‘lgan dori vositalarini retseptsiz sotish holatlari uchradi. Bu esa o‘z navbatida, nafaqat qonunchilik talablarini buzish, balki aholining o‘zboshimchalik bilan dori qabul qilib, salomatligiga jiddiy zarar yetkazishiga zamin yaratadi.

Ochig‘ini aytganda, bugungi kunda ayrim insonlar shifokor ko‘rigisiz va tavsiyasisiz dori vositalarini qabul qilishga oddiy hol deb qaraydi. Hatto, shifokor tavsiyasi bilan berilishi lozim bo‘lgan preparatlarni ham kimdandir yaxshi deb eshitsa, o‘zboshimchalik bilan iste’mol qiladi. Eng yomoni, farzandlari yoki yaqinlariga ham beradi. Bu sog‘liq uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkinligini inobatga olmaydi. To‘g‘ri, ayni shu dori preparati kimgadir samara bergan bo‘lishi mumkin. Lekin individual yondashuv degan narsa bor. Ana shu dori preparatidagi qaysidir qo‘shimcha yoki uning dozasi ikkinchi bir inson uchun to‘g‘ri kelmasligi, qisqa muddatli yengillik bergandek tuyulsa-da, uzoq muddatda og‘ir asoratlarga olib kelishi mumkin.

Shifokor dori vositasini belgilashdan oldin bemorning yoshi, vazni, surunkali kasalliklari va u qabul qilayotgan boshqa dorilarni chuqur tahlil qiladi. O‘zboshimchalik bilan bir nechta dorini bir vaqtda qabul qilish esa xavfli holatlarga olib keladi. Ayrim preparatlar bir-birining ta’sirini keskin kuchaytirib, zaharlanishga sabab bo‘lishi mumkin, boshqalari esa aksincha, dorining shifobaxsh ta’sirini butunlay yo‘qqa chiqaradi.

Shuningdek, ko‘plab kuchli dori vositalari ma’lum darajada nojo‘ya ta’sirlarga ega. Shifokor bu xavflarni oldindan baholab, bemor uchun eng xavfsiz variantni tanlaydi. Retseptsiz va nazoratsiz qabul qilingan dori esa kuchli allergik reaksiyalarga, toksik ta’sirlarga yoki hayot uchun xavfli holatlarga olib kelishi mumkin.

Hayotiy bir misol: o‘g‘limda bog‘cha yoshida tinimsiz allergik yutal kuzatilgan edi. Pediatr ko‘rikdan so‘ng bolalar uchun mo‘ljallangan “Diazolin” preparatini tavsiya qildi. Belgilangan davolash natijasida farzandimning ahvoli yaxshilandi. Oradan bir necha yil o‘tgach, xuddi shu pediatr qiz bola jiyanimda kuzatilgan allergik holatda “Ketotifen” dori vositasini tavsiya qildi. Bu preparat jiyanimda juda yaxshi samara berdi. Shu holatni ko‘rib, menda “Ketotifen” “Diazolin”ga nisbatan samaraliroq ekan” degan sub’ektiv xulosa paydo bo‘ldi. Keyinchalik o‘g‘limda ham allergik yutal qayta paydo bo‘lganida, shifokorga murojaat qilmasdan, o‘zboshimchalik bilan “Ketotifen”ni berdim. Keyinchalik bildimki, “Ketotifen”ni tayinlashda shifokorlar ayniqsa, o‘g‘il bolalarda uning harakatchanligiga, diqqat va ruhiy holatiga ehtimoliy ta’sirini hisobga olib, ehtiyotkorlik bilan yondashadi. Bu preparat har bir bola uchun individual baholashni talab qiladi.

Demak, bir bolaga samara bergan dori ikkinchisi uchun ham to‘liq mos keladi, degan xulosa har doim ham to‘g‘ri emas. Yosh, jins, individual xususiyatlar va kasallikning kechishi hisobga olinmasdan qabul qilingan qaror bola salomatligi uchun xavf tug‘dirishi mumkin. Shuning uchun har qanday dori vositasi faqat shifokor tavsiyasi asosida, o‘zboshimchalikka yo‘l qo‘ymasdan qabul qilinishi lozim. 

Hayotimizda bunday misollar ko‘p. 

Og‘riq qoldiruvchi, simptomlarni bostiruvchi dorilarni shifokor ko‘rsatmasisiz qabul qilish kasallikning asosiy sababini vaqtincha “yashirib qo‘yadi”. Natijada bemor o‘zini yaxshiroq his qilgani bilan, kasallik rivojlanishda davom etadi va og‘ir bosqichga o‘tib ketadi. Bu esa keyinchalik davolashni ancha qiyinlashtiradi, hatto o‘lim holatlarini keltirib chiqaradi.

Tan olish kerak, sal shamolladikmi, antibiotiklarni o‘zboshimchalik bilan qabul qilish odatimiz ham yo‘q emas. Bu nafaqat bizda balki, bugungi kunda jahon miqyosidagi eng dolzarb tibbiy muammolardan biri hisoblanadi. Ayrim odamlar shamollash yoki yengil holatlarda antibiotiklarni “o‘zicha to‘g‘ri” deb hisoblab qabul qiladi yoki oila a’zolariga beradi.

Antibiotiklarni noto‘g‘ri va nazoratsiz qabul qilishning eng katta xavfi – antibiotik rezistentligi, ya’ni bakteriyalarning dorilarga chidamli bo‘lib qolishidir. Agar antibiotik noto‘g‘ri dozada yoki virusli kasalliklarda qabul qilinsa, bakteriyalar to‘liq yo‘q qilinmaydi. Eng chidamli bakteriyalar tirik qolib, keyinchalik ko‘payib ketadi. Natijada, kelgusida hatto, to‘g‘ri dozada berilgan antibiotiklar ham samara bermay qoladi.

Antibiotik rezistentligi oqibatida oddiy bakterial infeksiyalarni ham davolash qiyinlashadi, ba’zan esa samarali dori qolmaydi. Ayniqsa, bolalarga antibiotiklarni o‘zboshimchalik bilan berish ularning immun tizimiga, ichaklardagi foydali mikrofloraga (disbakterioz), shuningdek jigariga jiddiy zarar yetkazadi.

Shifokor tavsiyasisiz dori qabul qilish qisqa muddatli yengillik berishi mumkin, ammo uzoq muddatda sog‘liq uchun katta xavf tug‘diradi. Shu bois har qanday dori vositasini qabul qilishdan oldin albatta, mutaxassisga murojaat qilish eng to‘g‘ri va xavfsiz yo‘l hisoblanadi.

Shuningdek, gormonal preparatlarni ham tez samara bergani bois, qabul qilaveramiz. Aslida, bu organizmdagi muhim fiziologik jarayonlarga ta’sir qiluvchi kuchli dori vositalaridir. Ularni shifokor tavsiyasisiz va nazoratsiz qabul qilish organizmdagi gormon balansini buzishi, qon bosimi, qand miqdori, qalqonsimon bez va jinsiy gormonlar faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bunday holatda metabolizm buzilishi, immun tizimi zaiflashishi, charchash va ruhiy o‘zgarishlar paydo bo‘lishi ehtimoli yuqori.

O‘zboshimchalik bilan uzoq muddat gormon qabul qilganda esa og‘ir oqibatlarga ham olib keladi. Masalan, ayrim bolalar va o‘smirlarda bu o‘sishni sekinlashtiradi, qandli diabet yoki yurak-qon tomir kasalliklari xavfini oshiradi. Shunday ekan, gormonal preparatlar faqat shifokor ko‘rsatmasi va davolash rejasiga asosan qo‘llanilishi lozim.

Yana bir gap. “Elektron retsept” tizimi joriy etilishi ayrim fuqarolarda “endi barcha dorilar faqat retsept bilan sotiladi”, degan asossiz xavotirni paydo qildi. Menda ham dastlab shunday fikr tug‘ildi. Masalan, tez-tez kutilmaganda boshim og‘riganda men odatda “Sitramon” qabul qilaman. Shu sababli Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan e’lon qilingan retseptsiz beriladigan dorilar ro‘yxatini ko‘zdan kechirdim. Ma’lum bo‘lishicha, salomatlik uchun yuqori xavf tug‘dirmaydigan dori vositalari, jumladan “Sitramon”, shuningdek isitmani tushiruvchi, tarkibida paratsetamol bo‘lgan preparatlarning ma’lum dozadagilari va shamchalar avvalgidek dorixonalardan retseptsiz xarid qilinishi mumkin ekan.

Hozirga kunda jami 1846 turdagi dori vositalari davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lib, ular retseptsiz berilishi mumkin. Bu dorilar uy sharoitida tez-tez qo‘llaniladigan va sog‘liq uchun kam xavf tug‘diradigan preparatlar hisoblanadi. Fuqarolar bu dori vositalarini avvalgidek bemalol dorixonalardan xarid qilishi mumkin. 

Ushbu ro‘yxatda yo‘q dorilarni avval ham o‘z bilganimizcha qo‘llagan emasmiz. Agarda kimda-kim bunga amal qilmagan bo‘lsa, ushbu yangi tizimning ishlab chiqilgani ana shunday insonlar salomatligini asrashga xizmat qiladi. Boisi, dori oddiy mahsulot emas, balki aniq qoida va nazoratni talab qiladigan tibbiy vositadir.

Yuqorida ayrim ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan yangi tizim noto‘g‘ri talqin qilinayotgani bois ham aholi orasida tushunmovchiliklar yuzaga kelayotganini aytgan edik. 

Bugun Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati vazirlikda davlat va xususiy tibbiyot tashkilotlarining yetakchi shifokorlari, tegishli idoralar vakillari va soha ekspertlari ishtirokida uchrashuv o‘tkazilgani haqida xabar berganidan so‘ng ham yana shunday holat kuzatildi. Ya’ni "Elektron retsept” tizimini joriy etishning keyingi bosqichma-bosqich tartibini belgilash maqsadida qabul qilingan sog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyrug‘idagi vazifalarni noto‘g‘ri talqin qilish holatlari uchramoqda. 

Jumladan, ko‘p a’zoli Telegram kanallaridan birida "Rasman: Retsept bo‘yicha dori vositalarini sotishga to‘liq o‘tish vaqtincha bekor qilindi

Sog‘liqni saqlash vazirligi “Elektron retsept“ tizimi bosqichma-bosqich joriy etilishini va hozircha faqat antibiotiklar va gormonal dorilar retsept bo‘yicha sotilishini e’lon qildi.

Qolgan barcha dorilar retseptsiz sotilishi mumkin. 

Hozircha aptekadan bemalol retseptsiz dori olaverishingiz mumkin!" deya xabar joylandi.

Aslida esa tizim bekor qilingani yo‘q. Sog‘liqni saqlash vazirligidagi uchrashuvdan so‘ng, “Elektron retsept” tizimini joriy etishning keyingi bosqichma-bosqich tartibi belgilandi.

Dunyo tajribasiga qaraydigan bo‘lsak, elektron retsept (e-Prescription) tizimi birinchi bo‘lib rivojlangan sog‘liqni saqlash tizimiga ega davlatlarda joriy etilgan. Masalan, Shvetsiya va Finlyandiyada elektron retseptlar 2000 yillar boshida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bugungi kunda u yerda retseptlarning deyarli 100 foizi elektron shaklda rasmiylashtiriladi. Bemor dorixonaga qog‘oz retseptsiz, faqat shaxsiy identifikatsiya orqali murojaat qiladi.

Estoniya elektron retsept tizimini eng samarali qo‘llayotgan davlatlardan biri hisoblanadi. Bu mamlakatda barcha retseptlarning 99 foizdan ortig‘i elektron tarzda beriladi. Tizim orqali shifokor bemor qabul qilayotgan barcha dorilarni ko‘ra oladi. Bu esa dori vositalarining noto‘g‘ri uyg‘unlashuvi va ortiqcha tayinlanishining oldini oladi.

AQSH, Germaniya va Buyuk Britaniyada ham elektron retseptlar keng joriy etilgan. Masalan, AQSHda 2020 yildan boshlab davlat tibbiy sug‘urta tizimida elektron retsept deyarli majburiy qilingan. 

Xulosa qilib aytganda, “Elektron retsept” tizimining joriy etilishi aholi uchun qo‘shimcha cheklov yoki qiyinchilik emas, balki dori vositalarining o‘zboshimchalik bilan, nazoratsiz qabul qilinishi natijasida yuzaga kelayotgan jiddiy tibbiy xavflarning oldini olishga qaratilgan muhim islohotdir. Ushbu tizim dori-darmonlar iste’moli madaniyatini oshirish, antibiotiklar va gormonal preparatlar aylanmasini qat’iy nazoratga olish, shuningdek farmatsevtika bozoridagi tartibsizliklarga barham berishga xizmat qiladi. Eng muhimi, “elektron retsept” tizimi har bir inson salomatligi va jamiyatning umumiy sog‘lig‘ini himoya qilishga qaratilgan samarali mexanizm hisoblanadi.

Mohigul Qosimova, O‘zA