Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Elektron raqamli imzosiz davlat xizmatlaridan foydalanish mumkin
16:37 / 2022-09-07

Davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimi rivojlantirilmoqda. Aholining masofadan turib elektron davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga e’tibor qaratilmoqda.

Bu jarayonda eskirgan va zamon talablariga mos kelmaydigan tartib-taomillar bekor qilinib, innovatsion mexanizmlar joriy etilayotir.

Shu maqsadda joriy yil 30 avgustda Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida jismoniy shaxslarni identifikatsiyalashning Mobil-ID tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Ushbu qaror elektron shaklda foydalanish mumkin bo‘lgan davlat xizmatlari bo‘yicha aholimizning idorama-idora sarson bo‘lib yurishining oldini olishga xizmat qiladi hamda turli ovoragarchiliklarga va xizmatdan foydalanish uchun tashkilotlarda uzundan-uzoq navbat kutib turishiga chek qo‘yadi.

Aholiga tushunarli bo‘lishi uchun Mobil-ID tizimi shaxsni uning mobil telefon raqami orqali identifikatsiyalashni nazarda tutadi.

Xo‘sh, bu aholiga nima beradi?

Adliya vazirligidan ma’lum qilishlaricha, shaxsni identifikatsiyalashning Mobil-ID tizimi foydalanuvchilarga elektron rakamli imzoni qo‘llamagan holda barcha davlat xizmatlaridan foydalanish imkonini beradi (bundan kreditlash sohasida ko‘rsatiladigan moliyaviy xizmatlar mustasno).

Shaxsni Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyalash fuqaroning xohishiga ko‘ra davlat xizmatlari markazi yoki notarial idora tomonidan yoxud Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining (YAIDXP) mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi.

Bunda fuqaro bevosita davlat xizmatlari markazi yoki notarial idoraga murojaat qilganda shaxsni tasdiqlovchi hujjat asosida fuqaroning yuzi raqamli formatda rasmga tushiriladi. Elektron shaklda qo‘l barmog‘i izi olinadi va mobil telefon raqami YAIDXPdagi shaxsiy kabinetga bog‘lanadi.

Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyadan o‘tish uchun foydalanuvchi tomonidan YAIDXPning mobil ilovasidan foydalanilganda masofadan biometrik identifikatsiyalash (Face-ID) usuli yoki ID-kartadagi elektron raqamli imzo qo‘llaniladi hamda mobil telefon raqami YAIDXPdagi shaxsiy kabinetga bepul bog‘lanadi.

Bunda foydalanuvchi masofadan turib Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan o‘tish uchun YAIDXPning mobil ilovasidan foydalanadi hamda elektron shakldagi so‘rovnomani to‘ldiradi.

YAIDXPning mobil ilovasi orqali foydalanuvchini Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan o‘tkazishda taqdim etilayotgan mobil telefon raqami aynan murojaat qilayotgan foydalanuvchi nomiga rasmiylashtirilgan bo‘lishi zarur.

Bevosita davlat xizmatlari markazi yoki notarial idora orqali fuqarolarni Mobil-ID tizimiga identifikatsiya qilish 2022 yil 31 dekabrgacha bepul, 2023 yil 1 yanvardan boshlab bazaviy hisoblash mikdorining 2 foizi mikdorida bir martalik to‘lov undirgan holda amalga oshiriladi.

Foydalanuvchilar Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan o‘tish uchun Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 12 apreldagi 177-son qaroriga muvofiq biriktirilgan JSHSHIRga hamda O‘zbekiston Respublikasidagi mobil aloqa operatorlari tomonidan berilgan mobil telefon raqamga (hisob balansi faol bo‘lgan holda) ega bo‘lishi zarur.

Foydalanuvchi bir nechta mobil telefon raqamlariga ega bo‘lganda uning tanloviga asosan faqat bir mobil telefon raqami Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan o‘tkaziladi.

Foydalanuvchilar Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan o‘tgandan keyin “Tasdiqlangan foydalanuvchi” maqomini oladi va barcha elektron davlat xizmatlaridan foydalanishi mumkin bo‘ladi (kreditlash sohasida ko‘rsatiladigan moliyaviy xizmatlar bundan mustasno).

Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan o‘tishni ishonchnoma asosida yoki vakil orqali amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Yana bir muhim joyi – Mobil-ID tizimi orqali identifikatsiyalash yuridik shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Mobil-ID tizimidan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi. OneID tizimi orqali davlat organlari va tashkilotlarining portal va axborot tizimlariga kirishda foydalanuvchilarning shaxsini tasdiqlash (autentifikatsiya qilish), Mobil-ID tizimidan foydalanayotgan foydalanuvchining haqiqiyligini tasdiqlash (verifikatsiya qilish), elektron davlat xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha foydalanuvchilar tomonidan berilgan arizalarni tasdiqlash, foydalanuvchi o‘zining shaxsiga doir ma’lumotlarni davlat organlari va tashkilotlari “Elektron hukumat” tizimi orqali olganda bu haqida xabarnomalar qabul qilish, foydalanuvchi o‘zining shaxsiga doir ma’lumotlarini davlat organlari va tashkilotlari, xo‘jalik birlashmalari, nodavlat tashkilotlar “Elektron hukumat” tizimi orqali olishi uchun ruxsat berish, qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa holatlarda.

Mobil-ID tizimi orqali xizmatlardan foydalanishda foydalanuvchining Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan o‘tgan mobil telefon raqamiga bir martalik unikal kodli SMS-xabar yuboriladi va ushbu kod tizimga kiritilganda xizmatdan foydalanish mumkin bo‘ladi. Bu orqali tizim foydalanuvchilarining xavfsizligi ta’minlanadi va unga oid ma’lumotlardan foydalanishga roziligi tasdiqlanadi.

Qoida tariqasida Mobil-ID tizimidagi identifikatsiyaning muddati cheklanmaydi. Faqat shaxs (foydalanuvchi) istalgan vaqtda va o‘z xohishiga ko‘ra davlat xizmatlari markazlari yoki YAIDXPning mobil ilovasi orqali Mobil-ID tizimidagi identifikatsiyani bekor qilishi mumkin.

Mobil-ID tizimi operatori Adliya vazirligining “Adliya organlari va muassasalarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi” davlat muassasasi hisoblanadi.

Adliya vazirligi tomonidan jismoniy shaxslarni Mobil-ID tizimida identifikatsiyalashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha axborot tizimi ishlab chiqilib, ishga tushirilganligi ma’lum qilindi.

Qisqa qilib aytganda, Mobil-ID tizimi aholining masofadan turib elektron davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi va aholiga qulayliklar yaratadi. Davlat xizmatlarini rivojlantirish sohasidagi xalqaro reytinglarda esa O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini yaxshilashga xizmat qiladi.

N.Abduraimova, O‘zA