Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Elektron poliklinika” tizimining takomillashgan yangi talqini pilot tariqasida ishga tushirildi
11:48 / 2024-03-13

Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan 7-son oilaviy poliklinikada “Elektron poliklinika” axborot tizimining takomillashtirilgan yangi talqini pilot tariqasida ishga tushirildi.

Ushbu loyihaning afzalliklari shundan iboratki, unda real vaqt rejimida statistik ma’lumotlarni shakllantirish va bemorlarga oid shaxsiy ma’lumotlarni yetarli darajada himoyalash ta’minlangan hamda axborot tizimlar o‘zaro integratsiya qilingan. Takomillashtirilgan “Elektron poliklinika” axborot tizimining joriy etilishi hisobiga avval bemor shifokor qabulida 40 daqiqa navbat kutgan bo‘lsa, endilikda mutaxassis ko‘rigiga onlayn yozilish orqali bu vaqt 10 daqiqagacha qisqaradi.  

Shuningdek, avtomatik hisobot shakllanishi orqali oylik 28 turdagi blanka va formalar bekor qilindi. Tibbiy ma’lumotlarni elektron shaklda saqlash imkoni yaratildi. Tizim Davlat personallashtirish markazi, MIS-2 va Elektron hukumat platformalari bilan integratsiya qilindi.  

Mazkur yangilikning yana bir qulayligi shundaki, oilaviy poliklinikaga kelgan bemorning yuzini aniqlash dasturlari orqali darhol xizmat ko‘rsatish rejimiga o‘tiladi. Ya’ni fuqarodan shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar so‘rash bilan ortiqcha vaqt yo‘qotilishi va ovoragarchiliklarga chek qo‘yiladi.  

Shuningdek, uning yordamida yagona tibbiy raqam shakllantirilib, bemor statsionar davolanishlar yoki yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladigan xizmatlardan foydalanishi va o‘ziga tegishli tibbiy ma’lumotnomalar bilan masofaviy tanishish imkoniga ega bo‘ladi.  

Bir so‘z bilan aytganda, “Elektron poliklinika” tizimining takomillashtirilgan yangi talqinining yo‘lga qo‘yilishi sog‘liqni saqlash muassasalari o‘rtasida tibbiy ma’lumotlar almashinuvi uchun dasturiy muhit yaratish, sohani davr talablariga moslashtirish orqali uni modernizatsiya qilishga yordam beradi.  

Eng asosiysi, yangi tizim tibbiyotni tom ma’noda aholiga yaqinlashtirib, shifokor qabuliga bo‘ladigan uzundan uzoq navbatlarga chek qo‘yadi.  

 

M.Qosimova, O‘zA